13:21 / 08.07.2017
42524

Banklardagi likvidlik me'yorlari: valyuta kurslarini bir-biriga uch bosqichda yaqinlashtirish chorasimi?

Foto: "Kun"

Markaziy bank «Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi Nizomga (№2709, 13.08.2015 y) «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunning 52-moddasiga asosan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi, deb xabar beradi Markaziy bank rasmiy sayti.

Jumladan, mazkur nizomning 43-bandi «Banklar majburiyatlarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta'minlash maqsadida lahzali va joriy likvidlilik me'yorlarini bajarishlari lozim», deb o‘zgartirildi va tegishli bandlar kiritildi.

Xususan, «joriy likvidlilik koeffitsiyenti joriy aktivlar summasini (to‘lov muddati 30 kungacha bo‘lgan bankning likvidli aktivlari va qo‘yilmalari, bundan muddati uzaytirilgan yoki qaytarish muddati o‘tgan kreditlar mustasno) joriy majburiyatlar (talab qilib olinguncha va ijro etish muddati 30 kungacha bo‘lgan majburiyatlar) summasiga nisbati orqali aniqlanadi va 30 foizdan kam bo‘lmasligi lozim», deyiladi hujjatda.

Hujjatda bayon etilishicha, «lahzali likvidlilik koeffitsiyenti bank kassasidagi naqd pul va boshqa to‘lov hujjatlari hamda bankning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaraqlaridagi mablag‘lari (bundan Markaziy bankdagi majburiy zaxira hisobvarag‘i va majburiy zaxiralar depozitlaridagi mablag‘lar mustasno) summasini ushbu Nizomga ilova qilingan hisobvaraqlarning qoldiqlari — talab qilib olinguncha majburiyatlar summasiga nisbati orqali aniqlanadi.

Lahzali likvidlilik koeffitsiyentini hisoblashda faqat O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi mablag‘lar inobatga olinadi.

Lahzali likvidlilik koeffitsiyenti 2017 yil 1 avgustdan boshlab 10 foizdan, 2017 yil 1 noyabrdan boshlab 15 foizdan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab 20 foizdan kam bo‘lmasligi lozim», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Iqtisodiy tahlilchi Aleksandr Davletov bu o‘zgarishlarni quyidagicha izohladi:

Likvidlikka qo‘shimcha talablar kiritilishi nimani anglatadi?

Birinchidan, qayta moliyalash stavkasining 14 foizgacha ko‘tarilishi tijorat banklari tomonidan kreditlash jarayonini kamaytirib, likvidlikni oshirishga yetarli bo‘lmadi. «Korschyot» masalasi og‘ir muammoligicha qolmoqda. Chunki banklar mijozlari garchi kredit foiz stavkalari 4–5 foizga oshganiga ham qaramay kredit loyihalaridan voz kechayotganlari yo‘q. Hatto tarixda kuzatilmagan voqelikka guvoh bo‘lindi: har doim tijorat banklarini kredit berishga majburlaydigan Markaziy bank endi ayrim turdagi kreditlar, xususan, aholini tadbirkorga aylantirish, UJMSh (JKX)larga, dasturlar doirasidagi imtiyozli loyihalarga kredit berishni to‘xtatishni talab qila boshladi.

Ikkinchidan, tushunib yetildiki, og‘zaki topshiriqlar bilan likvidlik muammosini yechib bo‘lmaydi va ilk marta bankchiligimiz tarixida lahzalik likvidlik me'yori amaliyotga kiritilmoqda. Endi tijorat banklari «korschyot» va kassasida limitlangan miqdordagi mablag‘larni saqlashga har kuni, har onda majbur. Ilgari hisobot oyi yakunidagina tijorat banklari likvidlik ko‘rsatkichini «chizib qo‘yardi».

Uchinchidan, lahzalik likvidlik ko‘rsatkichining 1 avgustdan 10 foiz etib belgilanishi tijorat banklari uchun jiddiy ogohlantirish. Chunki aksariyat banklar, ayniqsa, davlat banklari bu talabni bajarishi uchun bugundanoq kreditlashni to‘xtatishi yoki «toksik» aktivlarini sotishni boshlashlari lozim bo‘ladi. Shu sababdan tijoriy kredit foiz stavkalarini ham, depozitlar, ayniqsa aholi omonatlari foiz stavkalari yanada oshishini kutish mumkin.

To‘rtinchidan, pul massasining qisqarishi ortidan kredit bozori ham toraya boradi. Bu pirovardida valyuta kurslariga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadi, qora bozor, kechagina ochilgan muqobil bozor valyuta kursi endi bir maromda qoladi, bu kurslarning o‘sishi haqida endi gap bo‘lishi mumkin emas. Lahzalik likvidlik ko‘rsatkichining 1 noyabrdan 15 foizga, 2018 yil 1 yanvardan 20 foiz etib belgilanishi mazkur sanalarga borib, qora bozor, muqobil bozor kurslari pasayishi rejalanganini anglatadi. Chunki lahzalik likvidlik koeffitsiyentining 20 foiz etib belgilanishi bu favqulodda kam uchraydigan talab, bu tijorat banklari barcha mavjud mablag‘larini kassasi va korschyotida «bosib o‘tiradi» degani.

Nihoyat, beshinchidan, lahzalik likvidlik koeffitsiyentining 1 avgustdan 10 foiz, 1 noyabrdan 15 foiz, 2018 yil 1 yanvardan 20 foiz etib belgilanishi rasmiy, qora bozor va muqobil bozor kurslarini birxillashtirish uchun ham taxminan shunday reja grafik tuzilganini anglatadi. Ya'ni valyuta kurslari 3 bosqichda bir-biriga o‘zaro yaqinlashtiriladi.

Top