20:26 / 08.07.2017
15251

Shavkat Mirziyoyev: Nuroniylarni e'zozlagan inson kam bo‘lmaydi

Foto: uza.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda olib borilayotgan islohotlar, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Namangan viloyatiga tashrifi doirasida “Nuroniy” jamg‘armasining Namangan viloyati bo‘limi yangi binosi va «Nuroniylar maskani» bilan tanishdi. 

Keksalarni e'zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, salomatligini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Zotan, nuroniylarni e'zozlagan kam bo‘lmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zA agentligining yozishicha, jamg‘armaning Namangan viloyati bo‘limida ma'muriy bino, choyxona barpo etilgan. Barcha xonalar zamonaviy mebel va kompyuter jamlamalari bilan jihozlanib, qulay ish sharoiti yaratilgan. 

Prezident «Nuroniylar maskani»da yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, oqsoqollar bilan suhbatlashdi. 

Suhbatda yoshlar tarbiyasi, boshlang‘ich ta'lim tizimini takomillashtirish, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Aholini ish bilan ta'minlash masalasi diqqat markazida bo‘ldi. 

Top