20:10 / 09.07.2017
15706

«Chelsi» yangi futbolchi transferini e'lon qildi

«Roma» himoyachisi Antonio Ryudiger Londonning «Chelsi» klubi safini to‘ldirdi. Londonliklar klubi rasmiy sayti, 24 yoshli ushbu germaniyalik futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tib, klub bilan 5 yillik shartnoma imzolaganini ma'lum qildi. 

London klubida 24 yoshli futbolchi 2-raqam ostida to‘p suradi.

Bundan avvalgi xabarlarda ushbu transfer qiymati 34 million funt sterlingni tashkil qilishi mumkinligi aytilgandi. Futbolchining «Chelsi»da oladigan maoshi miqdori yiliga 3,5 million funt.

«Yangi jamoadoshlarim bilan uchrashuvni sabrsizlik bilan kutmoqdaman. Rasman «Chelsi» futbolchisi bo‘lganimdan faxrlanaman», — degan Ryudiger.

«Roma»ga futbolchi 2015 yilda «Shtutgart»dan ijara asosida kelib qo‘shilgandi. Oradan bir yil o‘tib rimliklar uning transfer huquqini to‘liq sotib olishgandi.

O‘tgan mavsumda Ryudiger rimliklar safida barcha turnirlar doirasida 36 uchrashuvda maydonga tushgan va bir gol urib, 4 golli uzatma muallifi bo‘lgandi.

Antonio Ryudiger biroz oldinroq Germaniya  terma jamoasi bilan Konfederatsiyalar Kubogi-2017 turnirida chempion bo‘lgandi.

Top