11:20 / 09.07.2017
6852

Si Jinping Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan 100 kunlik reja taklif etdi

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Amerika yetakchisini «Ikkitomonlama munosabatlarni kerakli darajada ushlab turish, xalqaro ishlarda harakatlarni muvofiqlashtirishga kuchlarni birgalikda sarflash»ga chaqirdi, deb yozadi TASS.

AQSh Prezidenti Donald Tramp va XXR raisi Si Jinping © Saul Loeb/Pool Photo via AP

XXR raisi Si Jinping shanba kuni Hamburgda o‘tkazilgan G20 sammiti maydonlarida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari chog‘ida Xitoy va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan 100 kunlik rejani ishga tushirishni taklif etdi, deb xabar bermoqda Sinhua axborot agentligi.

Si Jinping «Trampni ikkitomonlama munosabatlarni kerakli darajada ushlab turish, xalqaro ishlarda harakatlarni muvofiqlashtirishga kuchlarni birgalikda sarflashga chaqirdi», deb yozadi agentlik. Xitoy raisi yaqin kunlarda XXR va AQSh mudofaa vazirlarini tashrif almashishlarini taklif etdi. Xitoy xalq-ozodlik armiyasining Harbiy dengiz kuchlari 2018 yilda AQSh rahbarligida o‘tkaziladigan RIMPAC (Rim of the Pacific Exercise, «Tinch okeani halqasi») harbiy o‘quvlarida ishtirok etishi mumkinligini tavsiya qildi. 

U shuningdek, Koreya yarimorolidagi inqirozni bartaraf etishda jahon hamjamiyati tinchlikparvarlik siyosatida yanada ko‘proq sa'y-harakat qilishi mumkinligi haqidagi fikrni ilgari surdi.

XXR rahbarining aytishicha, AQSh prezidentining Florida shtatidagi «Mar-a-Lago» qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlaridan so‘ng Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda «nozik savollar mavjudligiga qaramasdan, rivojlanish ko‘zga tashlanmoqda». Rais shuningdek, «Xitoy-Amerika munosabatlarining sog‘lom xarakterini saqlab qolish maqsadida o‘zaro hurmat va ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash» zaruriyati borligini alohida ta'kidlab o‘tgan.

«Xitoy va AQSh o‘rtasidagi mustahkam aloqalar butun jahonda barqarorlikni ta'minlashga xizmat qiladi», — deya Sinhua agentligi XXR raisining so‘zlarini keltirmoqda.

Top