22:38 / 10.07.2017
14545

«Bavariya» «Real» futbolchisini nishonga oldi

«Bavariya» «Real» yarim himoyachisi Xames Rodrigesga qiziqish bildirishda davom etmoqda. Fevral oyi boshida ham myunxenliklar jamoasi madridliklarning ushbu kolumbiyalik futbolchisi, shuningdek, Isko va Alvaro Morataga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Jurnalist Tankredi Palmeri o‘z tvitterida yozishicha, «Bavariya» «Real» bilan Xames Rodriges transferi masalasida aloqaga chiqqan.

O‘tgan haftada Xames «Qirollik klubi»ni tark etishga qaror qilgani va jamoa bilan 11 iyul kuni boshlanadigan AQSh turnesiga yo‘l olmasligi ma'lum bo‘lgandi.

25 yoshli bu futbolchi bilan «Real» o‘rtasidagi shartnoma 2020 yil yoziga qadar tuzilgan. Ammo madridliklar bosh murabbiyi Zaynidin Zidan uni kelgusi mavsum uchun rejalariga kiritmagan. 

«Real» prezidenti Florentino Peres Xames qolishini istagan, ammo futbolchining o‘zi jamoaga Dani Sebalos kelayotgani tufayli ketish haqida uzil-kesil qaror qabul qilgan.

Top