19:51 / 10.07.2017
12020

Taklif: Mehnat muhojirlarining ijtimoiy muhofazasini tashkil etish lozim

Prezidentimizning 2017 yil 24 may kuni imzolangan «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini zo‘r qiziqish bilan o‘qib chiqdim va ushbu hujjatning 5-bandi menda ba'zi bir takliflarni uyg‘otdi. 

Keyingi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida, respublikamiz uchun ahamiyatli bo‘lgan bir muammo ko‘tarilayatiki, bunga befarq bo‘lmagan fuqaro sifatida o‘z fikrimni bayon etishni joiz, deb bildim. 

Bu — O‘zbekiston fuqarolarning chet davlatlarda ishlab kelishiga doir masala. Birinchi prezidentimiz I.Karimov «Bizning eng katta boyligimiz bu — mehnatkash xalqimizdir» degan edi. Albatta, yurtimizda mehnat qilib, boyligimizga boylik qo‘shib, yurtimizni farovon qilib, oilasi davrasida ular bilan birga baxtli yashashni hamma orzu qiladi. Shunday yashayotganlar aholining aksariyatini tashkil etmoqda ham. 

Lekin taqdir taqozosi bilan yetarli bilim ololmagan, bilim olsa-da, o‘ziga mos ish topa olmagan vatandoshlarimiz ham bor. Bunday fuqarolar har qanday davlatda topiladi. Ammo bizning yurtdoshlarimiz «davlat bersa yeyman», deya qo‘l qovushtirib o‘tiradiganlardan emas. Ular o‘zlaridagi o‘sha mehnatkashlik xususiyatlarini moddiy boylikka aylantirish uchun izlanadilar. Biror yerda mehnat qilib ko‘proq daromad topish mumkinligini bilsalar, shu ishni qilishga intiladilar. 

Bunday joylar esa ko‘proq iqtisodiyoti nisbatan rivojlangan, lekin qo‘l kuchi yetishmaydigan chet mamlakatlardir. Tarixda o‘zbek usta va me'morlari sharq va g‘arbning juda ko‘p davlatlariga borib, ishlab katta-katta inshootlar qurgani, bu qurilishlarga o‘zbek ishchilarni jalb etgani haqida misollar juda ko‘p. Ba'zi mamlakatlar chet ellarga jangarilarni jo‘natadi, ayrimlari og‘ufurushlarni jo‘natadi, yana birlari o‘g‘rilarni, gadoylarni jo‘natadi, O‘zbekistondan esa yaratuvchi, mehnatkash odamlar borib, halol pul topib keladi. 

Chet elga borib daromad topib kelayotgan ko‘pgina yoshlar u yerlardagi hayotni, odamlar orasidagi munosabatlarni ko‘rib, hayotiy tajribalari ortib kelmoqda. Bu yerda qolgan yoshlar esa ulardan kelayotgan daromadni, o‘zgarishlarni ko‘rib, chet elga borib ishlab kelishga ishtiyoqmand bo‘lmoqda. 

Hukumatimiz tamonidan ishga joylashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin aholi sonini o‘sish sur'ati yuqori bo‘lgan mamlakatimizda barchani yuz foiz ish bilan ta'minlashning imkoni yo‘q. Koreya, Yaponiya mamlakatlariga borish uchun yuz minglab yoshlarni hujjat topshirishi bundan dalolat beradi. Lekin kvotalarning ozligi, imtihonlardan faqat bir necha ming fuqaro o‘tgani, ular ham uch yillab taklif kelishini kutishi lozimligi, hujjat topshirishga ulgurmagan yana necha yuz ming odamlar borligi bu masalaga yanada jiddiyroq va kengroq qarashni taqozo etadi. 

Masalani man etish bilan hal etib bo‘lmaydi, albatta. Uning yechimini topish kerak. Mehnat vazirligidagi ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarishlar hukumatimiz tomonidan bu ishga ham e'tibor kuchayganini bildiradi. 

Tashqardan kelayotgan valyutadagi mablag‘lar qanchaligi, ular iqtisodimizga qancha foyda keltirishi, bular xaqida, albatta, iqtisodchi olimlarimiz o‘z fikrini aytar. Men esa tezroq ishlashni xohlayotgan; yurtiga, oilasiga tezroq mablag‘ olib kelishni istayotganlar haqida aytmoqchiman. 

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev vaqt kutib turmasligi, biz yashayotgan davr shiddatli o‘zgarishlar davri ekanligi haqida mudom eslatib turadi. Shuning uchun yuz minglab odamlarni «yana qachon hujjat qabul qiladi», «qachon imtihon topshiramiz», «qachon biz ham vatanga mablag‘ olib kelamiz», deb kutib turishi bu vaqt bilan hamohang yurish emas aslo. 

Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan uch ming, besh ming, hatto o‘n minglab fuqarolarni chetga ishga joylashi mumkin, lekin yuz minglab emas. Chunki vazirlikni shuncha odamni ishga jo‘natishi uchun resursi (xodimlar soni, tashkil etish uchun mablag‘i, moddiy texnikasi, vaqti, nafaqat Koreyadan, balki boshqa mamlakatlardan ishchi o‘rinlariga kvotalar topib kelish uchun imkoniyatlari va h.k.) yetmaydi.

Lekin vazirlik ushbu ishni monopol ravishda emas, lekin nazoratni ham yo‘qotmasdan amalga oshirishi mumkin. Buning uchun albatta Oliy Majlisga shu masalaga tegishli yangi qonunlar yoki o‘zgartirishlar kiritish taklifi bilan chiqishi kerak. 

Bunda chet el tajribalaridan foydalanish kerak. Ya'ni xususiy ishga joylashtirish sektorini tashkil etish va rivojlantirish. Albatta, bu sektorning ishini vazirlik tegishli litsenziyalar va ruxsatnomalar orqali nazorat qiladi va boshqaradi. 

Xususiy korxonalar orqali chet elga ishga yuborishning bir qancha afzalliklari bor: 

1. Chetga chiqqan fuqaroni nazorat qilish, uning har xil noqonuniy tashkilotlarga qo‘shilib ketmasligini ta'minlash korxona zimmasiga yuklatiladi;

2. Korxona dunyo bo‘yicha ish o‘rinlari izlab topadi, kvotalar ajratadi, shartnoma tuzadi va ishchi yetkazib beradi;

3. Fukarolar o‘rtasidan kerakli ishchini tanlab oladi, unga o‘sha davlat qonun-qoidalari va ichki tartiblari, tili, kasb haqida zarur bilim beradi;

4. Ishchini qonuniy himoyasini, meditsina sug‘urtasini, kelajakdagi nafaqasini ta'minlash uchun zarur hujjatlar yuritadi;

5. Ishchi mehnat joyi tayin bo‘lgach, ishga kirib dastlabki maoshini olguncha, unga yo‘lkira, oilasi harajati va boshlang‘ich boshqa sarf-xarjlar uchun unga kredit berib turadi;

6. Korxona (firma, agentlik) ishga joylagani uchun olgan daromadidan davlatga belgilangan tartibdagi soliq va to‘lovlarni to‘laydi.

Ba'zi mamlakatlarda korxonalar ishchilarni faqat ishga joylashtirish agentliklari orqali qabul qilishini nazarda tutsak, hozirgi vaqtda buni naqadar dolzarbligini anglaymiz. 

Agar shu ishlar amalga oshsa, mehnat muhojirlarini «qul» qilib sotishlarga, har xil ekstremistik oqimlarga kirib ketishlarga, o‘zbek millatini chet ellarda himoyasiz, nochor holatda yurishlarga chek qo‘yilgan bo‘larmidi... 

Hozirda butun dunyoda mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltiradigan, qonuniy amaliyotlar tatbiq etilmoqda. Valyuta ishlash uchun nafaqat moddiy balki nomoddiy mahsulotlar eksporti ham rivojlanmoqda, kimdir intellektul mulk eksporti bilan, kimdir texnologiya eksporti bilan, bizda esa mehnatdan qochmaydigan xalqimiz bor. 

To‘p bilan chumchuq otmasdan, ushbu mehnatni Vatanimiz milliy boyligini yanada ko‘paytirishga sarflash vaqti keldi. Zero, yurtimizga chetdan kelayotgan har bir sent valyuta mamlakatimiz qudratini oshirishga, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. 

Mirzajon Razzoqov, 
Shahrixon.

Top