12:50 / 11.07.2017
9251

Andijonning eng chekka Ulug‘nor tumanida nafis sport turi bayrami

Ulug‘nor tumani Andijon viloyatining eng olis tumanlaridan hisoblanadi. 8 iyul kuni tumandagi Bolalar sport majmuasida badiiy gimnastika bo‘yicha vodiy birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi. Musobaqada Andijonning barcha  tumanlari, Toshkent, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlaridan tashrif buyurgan 15 jamoa ishtirok etdi   
    
2000-2001 yilda tavallud topgan qizlar o‘rtasida tashkil etilgan turnir davomida yosh sportchilar tomonidan mahorat bilan namoyish etilgan nafis kompozitsiyalar ishtirokchilar orasidan ko‘plab iqtidorlar yetishib chiqayotganini ko‘rsatib berdi.  

Yakuniy natijalarga ko‘ra, guruhlar bo‘yicha Andijon shahrining 2008-2009 yilda tug‘ilgan sportchi qizlari birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Ulug‘nor tumanining 2006-2007 yilda tug‘ilgan badiiy gimnastikachi qizlari o‘z yo‘nalishida g‘olib bo‘ldilar. 2010-2011 yillar yosh toifasida esa Ulug‘nor tumani birinchi, Asaka shahar jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
  
G‘olib hamda sovrindorlar viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, gimnastika federatsiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamoat fondi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
    
- Darhaqiqat, eng chekka tumanlarimizda ham yoshlarimizga sportning barcha turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yetarli, - deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Ozodbek Saidov. – Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan bunyod etilgan muhtasham majmualar mana shunday nufuzli turnirlarni o‘tkazish, kelajak avlodni har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishida o‘z samarasini bermoqda.      

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top