08:47 / 12.07.2017
5708

Qatar mudofaa vazirligi: turkiyalik harbiylarning yangi guruhi yetib keldi

Foto: AFP

Turkiya Qurolli kuchlarining navbatdagi harbiy guruhi Qatar poytaxti Dohaga yetib keldi. Bu haqda Al Jazeera telekanali Qatar mudofaa vazirligi bayonotiga asoslangan holda xabar qilmoqda

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, Amirlik mudofaa mahkamasi Dohaga turkiyalik harbiylarning navbatdagi beshinchi guruhi yetib kelgan. Ularning soni hamda qayerda qolishiga oydinlik kiritilmagan. 

30 iyun kuni Qatar mudofaa vazirligi turkiyalik harbiy xizmatchilarning Dohadagi Amerika harbiy bazasi - Al-Udaydga kelganini ma'lum qilgandi. Bu yerda AQSh va terrorizmga qarshi xalqaro koalitsiyaning 11 ming harbiy xizmatchisi ham joylashgan. 

Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzgan arab davlatlarining Dohaga ilgari surgan 13 sharti orasida Qatarning Turkiya bilan harbiy hamkorligiga barham berish talabi ham bor. Rasmiy Anqara esa, bundan keyin ham Qatar bilan kelishuvlarga og‘ishmay rioya qilinishini ma'lum qildi. Doha ham bu shartning bajarilishini rad etdi. 

Bundan avvalroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 15 iyuldan keyin Saudiya Arabistoni, Qatar va Kuvaytga tashrif uyushtirishni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘lgan edi. 

Top