09:11 / 12.07.2017
22877

Paralimpiyachi Londondagi mashg‘ulot vaqtida fojiali tarzda halok bo‘ldi

Foto: Getty Images

Birlashgan Arab Amirliklaridan bo‘lgan paralimpiyachi Abdulla Hayay Londondagi mashg‘ulot chog‘ida baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati. 36 yoshli nayza uloqtiruvchi Buyuk Britaniya poytaxtida 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Daily Mail’ning xabar berishicha, Abdullaning ustiga metall ustun qulagan. Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar hech narsa qila olishmadi – Hayay hodisa joyida hayotdan ko‘z yumdi.

«Barchamiz ro‘y bergan hodisadan qayg‘udamiz. Bizning barcha fikrimiz va duolarimiz Abdullaning oilasi, do‘stlari hamda jamoadoshlari bilan birga. Shuningdek, BAA milliy paralimpiya qo‘mitasiga hamdardlik izhor etamiz. Biz bu dahshatli fojiadan shokdamiz», - deya aytib o‘tdi MPQ rahbari Filip Kreyven. 

Jahon chempionatining ochilish marosimida Hayay xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlanadi.

Mavzuga oid
Top