14:20 / 13.07.2017
11616

Shavkat Mirziyoyev: Partiyalar a'zolari sonini sun'iy ravishda ko‘paytirishi holatlari kuzatilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda nodavlat notijorat tashkilotlar orasida faqat siyosiy partiyalar hokimiyat uchun kurashish huquqiga egaligiga qaramasdan, ular o‘rtasida raqobat, fikrlar, pozitsiyalar xilma-xilligi mutlaqo sezilmayotganiga e'tibor qaratgan

«Holbuki, har bir partiyaning dasturi va nizomi bir-biridan farq qiladi. Sizlar o‘z pozitsiyangizni qonuniy asosda bildirsangiz, himoya qilsangiz, qani, ayting, bunga kim qarshi bo‘lishi mumkin? 

Demokratiya qayerdan boshlanadi – parlamentdan boshlanadi. «Parlament – demokratiya maktabi», deymiz. Shunday ekan, milliy parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi kerak. Bu borada siz, hurmatli deputat va senatorlar barchaga namuna bo‘lishingiz zarur. Chinakam bahs-munozara, prinsipial tortishuvlar avvalo shu yerda – parlament minbarida bo‘lishi kerak. Shundagina har bir siyosiy partiya, parlamentdagi har bir partiya fraksiyasining haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasi aniq namoyon bo‘ladi. 

O‘ylaymanki, hammamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz: siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari faoliyatini kuchaytirmasak, qonun ijodkorligi va qabul qilingan qonunlar ijrosi kutilgan natijani bermaydi. 

Sizlarga ma'lum, biz qonun hujjatlarini joylarga yetkazish va ijrosini ta'minlash bo‘yicha qaror qabul qilgan edik. Mana, oradan 6 oydan ziyod vaqt o‘tganiga qaramasdan, afsuski, bu boradagi ahvol hanuz ijobiy tomonga jiddiy o‘zgargani yo‘q. Bu jarayonda siyosiy partiyalarning o‘rni nima uchun sezilmayapti? 

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaqtda siyosiy partiyalarning boshqaruv apparatlarida ishchanlik muhiti deyarli ko‘zga tashlanmayapti. 

Davlat byudjyetidan oylik olib ishlayotgan minglab xodimlar, masalan, O‘zLiDePdagi 740 dan ortiq, «Milliy tiklanish»dagi qariyb 600, XDPdagi salkam 450, «Adolat»dagi 340ga yaqin xodimning faoliyatini samarali deb bo‘lmaydi. 

Ayniqsa, siyosiy partiyalarning joylarda, tuman bo‘limlarida ishlayotgan xodimlarining faoliyati qoniqarsiz ahvolda. Ular ko‘p hollarda elektorat bilan tizimli muloqot o‘tkazish u yoqda tursin, o‘zining asosiy vazifasi nimadan iborat ekanini ham bilmaydi. 

Bugungi kunda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘rtta siyosiy partiyaga rasman jami bo‘lib 1 million 150 mingga yaqin fuqaro a'zo. Savol tug‘iladi: ularning qanchasi partiyaning g‘oyasi, maqsad va vazifalarini chin yurakdan his qiladi va shu g‘oyani amalga oshirish uchun kurashga tayyor? 

Siyosiy partiyalar raqam ortidan quvib, a'zolari sonini ko‘paytirish bo‘yicha musobaqa o‘ynamoqda. Natijada turli xunuk holatlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, hududiy partiya kengashi xodimlarining mukofot puli va oylik ish haqi hisobidan a'zolik badallarini to‘lash orqali a'zolar sonini sun'iy ravishda ko‘paytirish faktlari, afsuski, oz emas. Biz bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha deyarli ish olib bormayapmiz. 

Bugun zamonning o‘zi siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirish, ularning aholi, elektorat bilan muloqotini tizimli yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda. Endi «mudrab yotgan» siyosiy partiyalar uyg‘onishi lozim. Ular balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan odamlarimiz, saylovchilar ishonchini qozonishi, ularning qalbidan joy olishi kerak», degan prezident. 

Top