14:40 / 13.07.2017
33693

Sport-TV: rahmatmi yoki minnat?

«Sport» telekanali haqida shu vaqtga qadar kim yaxshi gap eshitgan? Savol, albatta, ritorik. Chunki eshitmagan gapimiz qolmagandir, ammo orasida yaxshilari juda kam. 

«Sport»ni nimalarda ayblashmadi deysiz – olib berilmagan «Klasiko», translyatsiyasi qoldirilgan Oliy liga, yomon sharh, yomon tasvir, yomon ob-havo, to‘fon, bulut, bo‘ron... Xullas «Sport-TV»ni yomonlayman desangiz, gap qidirib uzoqqa borish shart emas: shunday televizor murvatini burang, o‘zi topilaveradi. Va bu tanqidlarning ba'zilari asosli ekanini ham tan olish lozim.

Ammo keling, shu o‘rinda masalaning boshqa tomoniga ham qarab qo‘yaylik. Tanqid, talab va tosh otish o‘z yo‘liga, ammo «Sport»ning yaxshi ishlari ham ozmi-ko‘pmi bo‘lganini inkor eta olasizmi? Kimdir shunday vaqtda telekanalga rahmat aytganmi? Shartmi, deysizmi? Shart! Chunki yomon ishlarni ko‘rib tanqid qilishni bilgan inson, rahmat aytishni ham bilishi lozim. Yoki bunday emasmi? Axir xolislik da'vo qilamiz-ku?!

Masalan, o‘tgan mavsumdan e'tiboran Italiya va Fransiya chempionatlari namoyishi boshlandi, biz «Milan derbi»sini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda tomosha qildik. Necha yillarki O‘zbekistonimizning turli yoshdagi terma jamoalari o‘yinini qoldirmay ko‘rib kelamiz. Mayli, bunisini ham qo‘ya turing. Eslasangiz, yaqinda Konfederatsiyalar Kubogi bo‘lib o‘tdi. Ochilish o‘yinidan tortib finalgacha translyatsiya qilindi. To‘g‘ri, muammolar ham bo‘lgandir, ammo amallashdi. Kim uchun? Albatta biz — muxlislar uchun. Biz esa burnimizni jiyiribgina tomosha qilib oldik. «Qachongacha boshqalardan olib beradi», deb qo‘yganimiz ham bor gap. Rahmatimiz shu bo‘lsa kerak-da.

Men bu gaplarni nimaga aytyapman? «Sport» shu vaqtga qadar qancha tanqid qilingan bo‘lsa, asos bo‘lgan. Darhaqiqat telekanalda qiladigan ishlar hali ko‘p. Biroq amalga oshirilgan mehnatni ham birrov e'tirof etib qo‘yish kerak-da, do‘stim. Men «Sport»ni 15 yildan buyon tomosha qilaman. Rahmatli Davlat Turdaliyevning sharhlarini shu yerda eshitganman. Bu maskanda Xayrulla Hamidov va Davron Fayziyev ishlab ketdi. Hozir ular «Sport»da yo‘q, ammo ishlagan vaqtda ham toshlarni ko‘p va xo‘p otmaganmizmi?

Men hozir «Sport»ga rahmat aytmoqchiman. Minnatsiz, shunchaki rahmat. Yaxshimi yoki yomon, ishqilib, jahon chempionatlarini shu kanalda tomosha qilib kelaman — rahmat! Olimpiada, Osiyo o‘yinlari va boshqa yirik musobaqalarni ham «Sport»da kuzatganman, rahmat. Nasib qilsa, JCh-2018ni ham birga tomosha qilamiz va uning rahmatini ham aytishimga ishonaman. Ammo bu hali hammasi emas. Bilasizmi, «Sport»ga eng katta minnatdorchilik nima uchun bildirilishi lozim? «UzReport» bilan raqobatlasha olgani, kuchli beshlikka kiruvchi Italiya va Fransiya chempionati translyatsiyasini xarid qilgani va yana boshqa ishlar uchun.

Chunki «UzReport»dan farqli ravishda «Sport» telekanali byudjyet hisobidan faoliyat yuritadi. Bu yerda hamma narsa hisob-kitobli, hammasining javobi bor. Beradigan qo‘l so‘raydi, oladigan qo‘l esa javob berishi lozim. Bilasizmi, yoki yo‘q, «Sport» telekanalidan birlamchi vazifa sifatida sportning barcha turlarini yoritish, targ‘ib qilish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish talab qilinadi. Futbolni barchamiz yaxshi ko‘ramiz, ammo u qatori boshqa turlar ham nazardan chetda qolmasligi shart. 

«Sport» TV mana shunday sharoitda ishlamoqda. Shunda ham imkon qadar futbolni kengroq yoritish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Muxlislar birlamchi «millionlar o‘yinini» kutishini «Sport» TV yaxshi biladi va ishoning, bundan so‘ng ham translyatsiyalar ko‘proq bo‘lishiga harakat qiladi. 

Faqat bir iltimos: o‘sha o‘yinlarni televizorimiz ekranida ko‘rganda rahmat aytishni ham unutib qo‘ymaylik, do‘stlar. Tanqidmi? Bemalol! U ham kerak. Ammo ko‘ngilni sal kengroq qo‘yish ham kerak-da...

Dilshod To‘ychiyev

Top