13:11 / 15.07.2017
39080

Mirziyoyev Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi

Foto: O‘zA

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni poytaxtning Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Davlat rahbari tumanda joylashgan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo‘riqlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. 

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo‘riqlash boshqarmasida ham jamoat xavfsizligini ta'minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bosh boshqarmada «Xavfsiz shahar» boshqaruv situatsion markazi tashkil etilmoqda. Markaz yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash xizmati, post-patrul xizmati va boshqa tarmoqlarni geoinformatsion tizim orqali boshqaradi. Bozorlar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari, zamonaviy signal uzatish texnikasi bunda qo‘l keladi. Bu jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega. 

Tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash tizimi bugungi hayotimiz talablariga mos bo‘lishi kerak, dedi davlat rahbari. Yangi zamonaviy tizim samarali ishlashi uchun uni mukammal o‘zlashtirish, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish zarur. 

Prezident mazkur boshqaruv tizimini ikki yil davomida sinovdan o‘tkazish, ichki ishlar xodimlarining axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkentdagi Inha universitetida ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash, tizim puxta o‘zlashtirilganidan keyin uni mamlakatning barcha shaharlarida joriy etish zarurligini ta'kidladi.

Top