16:40 / 16.07.2017
11162

O‘yin vaqtida pirog yegan ingliz darvozaboniga ayblov e'lon qilindi

Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) "Satton Yunayted"ning sobiq darvozaboni Ueyn Shouni "Arsenal"ga qarshi kubok o‘yini vaqtida bukmekerlik bozoriga ta'sir ko‘rsatganlikda ayblab chiqdi.

FA’dagilarning bayonotiga ko‘ra, Shou televizion kamera obektiviga tushish uchun o‘yin chog‘ida ataylab pirog iste'mol qilgan. O‘yin arafasida bukmekerlik idoralaridan biri "Shou o‘yin vaqtida pirog yeb, teletranslyatsiya kadriga tusha oladimi?" degan 9,0 koeffitsiyentli dov (stavka) bo‘lgan.

Intizom qoidalariga ko‘ra, futbolchilar dov tikishlari va bo‘lajak o‘yin tafsilotlarini oshkor etishlari mumkin emas. Biroq Shou bunday dov borligini oldindan bilgan va assotsiatsiyaga ko‘ra, bu haqida do‘stlariga ular pul tikishlari uchun xabar bergan.

125 kilo vaznga ega darvozabonni FA jarimaga tortishi mumkinligi haqida o‘yindan keyinoq ma'lum bo‘lib ulgurgan edi. "Satton Yunayted" ham bukmekerlar bozoriga ta'sir o‘tkazgani uchun Shou bilan shartnomasini buzgan. O‘shanda u uning ayrim do‘stlari dov yordamida hazillashmoqchi bo‘lishgani bilan tushuntirish bergan edi. "Balkim, shundan so‘ng ular o‘yin chiptasi uchun qilgan xarajatlarini qoplashgandir", — degan edi darvozabon.

FA Shouni biryo‘la ikki qoidani buzganlikda ayblab chiqqan: u dov bozoriga ta'sir o‘tkazgan va o‘yin vaqtida o‘zini risoladagidek tutmagan. Uni endi pul jarimasi va diskvalifikatsiya kutmoqda. Hozircha Shou bu ayblovlarga javob bermagan.

Fevral oyida Angliyaning beshinchi divizioni klubi "Satton Yugayted" "Arsenal"ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvdan so‘ng og‘izga tushgan edi. Jamoa nafaqat xo‘ppa semiz 45 yoshli darvozaboni bilan, shuningdek nochor moliyaviy ahvoli, eskirib ketgan stadioni va uning sifatsiz gazoni bilan mashhur bo‘lgan edi.

Top