17:53 / 17.07.2017
15991

Yaponiyaning 130 ming dollarlik hashamatli Lexus kupesiga muqobil mashinalar

Yaponiyaning Lexus kompaniyasi o‘zining ajoyib LF-LC kontseptini ko‘rgazmadan-ko‘rgazmaga olib bordi. Va nihoyat, u seriyali LC500 kupesiga aylandi. U Rossiya bozorida 133 ming dollar qiymatda sotilmoqda. Boshqa davlatlarda u 92 ming dollardan boshlanadi. Avtomobil kontseptdan deyarli farqlanmaydi. U tashqi ko‘rinishidan o‘ziga xos, salonidan hashamatli taassurot uyg‘otadi. Biroq bu boshqa gran-turizmo avtomobillari xaridorlarini o‘ziga jalb etishiga kifoya qiladimi? Xulosa chiqarish o‘zingizdan, siz qaysi birini xarid qilgan bo‘lar eingiz? 

Mercedes-Benz S500 Coupe 4 Matic | 140 ming AQSh dollari

Yaponiyaning ikki eshikli mashinasidan farqli ravishda Rossiya bozorida sotilayotgan barcha S-sinfidagi kupelar (S65 AMG modelidan tashqari) g‘ildiraklarining hammasi yetakchi. Lexus’ning asosiy raqibi bo‘lgan Mercedes-Benz S500 Coupe 4MATIC ham istisno emas. Uning narxi 8 million 450 ming rubldan boshlanadi, bu esa, S400 4MATIC boshlang‘ich to‘plamidan yarim millionga qimmat deganidir.

«Besh yuzlik»ka 8 silindrli, 4,7 litr hajmli, 455 ot kuchiga ega motor o‘rnatilgan. 4,6 soniyada tezligini «yuz»ga chiqaradigan kupening eng yuqori tezligi soatiga 250 km.da cheklangan.

S500 4MATIC qo‘shimcha optsiyalarsiz ham yetarli darajada jihozlangan, deyish mumkin. 

BMW 650i xDrive | 92 000 dollar

F13 kuzovida ishlab chiqilgan va o‘z davrini yashab bo‘layotgan «olti yuzlik»ni «Leksus» muqobili, deb baholash mumkin. Shu bilan birga, u Yaponiya gran-turizmosiga qaraganda ancha arzon turadi. 6 silindrli BMW 640i xDrive mashinasi Rossiyada 4 750 000 rubldir. Agar motor silindrlari soni juda muhim bo‘lsa, 8 silindrlini tanlash imkoni bor. Bunday 650i xDrive 5 450 000 rubl turadi.

BMW 650i xDrive «yuragi» – bu doim yosh bo‘lgan 4,4 litrli dvigatel bo‘lib, u ikkita kuchaytirgich bilan jihozlangan va 450 ot kuchi bilan ta'minlaydi. Vazni 1930 kg. bo‘lganiga qaramay, u 4,4 soniyada «yuz»ga chiqadi. 

BMW boshlang‘ich to‘plami Mercedes-Benz kupesiga qaraganda birmuncha kamtarona ko‘rinadi. Masalan, elektron uskunalar paneli uchun alohida haq to‘lash kerak bo‘ladi. Umuman olganda, bu model «Leksus» uchun unchalik ham raqobat uyg‘ota olmaydi. BMW 8-seriya mashinalari seriyali ishlab chiqarilishi boshlanganida haqiqiy kurash boshlanishi aniq.

Porsche 911 GTS | 132 700 dollar

911 modellariga V8 motori umuman qo‘llanilmasligini e'tiborga olganda, Lexus LC500 modeliga ham narxi va jihozlanishi jihatidan yaqin bo‘lgan Porsche 911 modeliga to‘xtalamiz. Porsche 911 GTS har kunlik qulaylikka e'tibor bermaydi, balki tamoyillariga rioya qilishga urinadi. Ammo, undan faqat dam olish kunlari foydalanish mumkin, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Uning boshlang‘ich to‘plami – 7 847 000 rubl turadi.

To‘g‘risini aytganda, salohiyatli xaridor 8 million 148 504 rubl evaziga avtomat uzatmalar qutisiga ega modelni sotib olgani maqbul yo‘ldir. GTS dvigateli — oppozitli 3.0 litrli turbokuchaytirgichli «oltilik»dir. Uning quvvati 450 ot kuchiga teng. 

Porsche 911 GTS mexanik uzatmalar qutisida 4,1 soniyada tezligini soatiga 100 km.ga yetkazadi. PDK rusumli AUQda bu ko‘rsatkich 3,7 soniyada ta'minlanadi. Uning eng yuqori tezligi cheklanmagan bo‘lib, soatiga tegishli ravishda 312 va 310 km.ni tashkil etadi. Aytish joizki, 911 modeli BMW «olti yuzligi» singari konveyerni tark etadi. Yaqin kelajakda LC500 muqobili sifatida Porsche Panamera maydonga chiqsa ajab emas.

Bentley Continental GT V8 | 215 000 dollar

GT mashinalari orasidagi eng uzoq sotilayotgan modellar qatorini Bentley Continental tugatadi. Ha, u «Leksus»dan ikki karra qimmat turadi, biroq bu yaqin o‘tmishga xos bo‘lgan haqiqiy gran-turizmoni xarid qilish imkoniyatini taqdim etadi. Eng arzon Continental GT V8 motorli bo‘lib, 12 million rubldan qimmat turadi.

Shu bilan birga, yangi avlod Conti modeli savdosi boshlanishi bilan chegirmali savdolar haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi. Shuncha pul evaziga siz 8 silindrli, 4.0 litr, ikkita kuchaytirgichli motor o‘rnatilgan mashinani xarid qilasiz. Continental GT motori 507 ot kuchiga ega. 

Jihozlangan vazni 2,3 tonna bo‘lgan Continental GT V8 100 km/soat tezlikka 4,8 soniyada erishadi. Eng yuqori tezligi soatiga 305 kmni tashkil etadi.

Aston Martin DB11 V8 | 198 995 dollar

V8 dvigatelli Aston Martin DB11 yuqoridagi ancha avval ishlab chiqilgan avtomobillarga qaraganda ancha yangidir. Axir uning taqdimoti yaqinda Gudvudda bo‘lib o‘tgan Tezlik festivalida tashkil etildi. Hozircha, uning Rossiya bozoridagi narxi hozircha e'lon qilinmagan. Mashina AQShda 198 995 dollardan sotilmoqda. 

DB11 kupesiga o‘rnatilgan V8 dvigatel Germaniyada ishlab chiqiladi. Mercedes-AMG C63 S kapoti ostida ham ayni shu motor joylashtirilgan. Uning kuchi 510 ot kuchiga teng. 

8 silindrli agregat mashinani roppa-rosa 4 soniyada «yuz»ga chiqara oladi.

Eng yuqori tezligi soatiga 299 kmdir. 

Lexus LC500 | 133 444

Nihoyat, bosh mavzu Lexus LC500 haqida. Uning savdosi Rossiyada yaqinda boshlandi. Lexus uchun bu tarixdagi birinchi yirik gran-turizmo hisoblanadi. Kupe yangi GA-L platformasi negizida barpo etilgan. 

Ayni vaqtda uning ikki xil: LC500 va LC500h rusumi xaridorga havola etilmoqda. Ammo, gibrid modifikatsiyasi MDH bozoriga yetkazib berilmaydi. Benzinli LC500 haqida so‘z yuritilsa, unga atmosferali 5.0 litr, 477 ot kuchiga ega V8 motor o‘rnatilgan. 

LC500 dinamikasi bilan hammasi joyida. 10 bosqichli AUQ tortish kuchini orqa g‘ildiraklariga uzatadi. Buning natijasida avtomobil 4,7 soniyada «yuz» tezlikka chiqadi. LC500 eng yuqori tezligi soatiga 270 kmni tashkil etadi. 7 886 000 rubllik kupeni arzon debbo‘lmasa-da, yorqin tashqi ko‘rinishi uni boshqa avtomobillardan ajratib turadi. 

Mavzuga oid
Top