15:39 / 17.07.2017
17269

Avstraliyalik o‘smirning oyog‘idagi barmog‘i qo‘liga ko‘chirib o‘tkazildi

Avstraliyalik o‘smirning qo‘lidagi, jarohat tufayli yo‘qotilgan katta barmog‘ining o‘rniga oyog‘idagi katta barmoq ko‘chirib o‘tkazildi. Noodatiy jarrohlik amaliyoti haqida «Bi-bi-si» xabar bermoqda.

2017 yilning aprelida avstraliyalik yigirma yoshli Zak Mitchell fermada ishlay turib, qo‘lidagi katta barmog‘idan ajralgan – buqa uning kaftini panjaraga shu darajada kuch bilan urgandi, barmoq uzilib ketgan. Boshqa ishchilar barmoqni tezlik bilan muzga solishgan, biroq, jarrohlar ikkita amaliyot davomida ham uning funksiyalarini tiklay olishmadi. Shunda ular oyoqdagi katta barmoqni ko‘chirib o‘tkazish haqidagi qarorga kelishdi. Amaliyot sakkiz soat davom etdi va muvaffaqiyatli yakun topdi.

Jarrohlarning ta'kidlashicha, kishilar kamdan-kam holatda bunday amaliyotlarga rozi bo‘lishadi – birinchidan, o‘zlariga ortiqcha tig‘ tekkazishni istashmaydi, ikkinchidan esa, oyoqdagi katta barmoqsiz yurish mushkul, deb hisoblashadi. «Ko‘pchilikning fikricha, bu harakatlanishga kuchli ta'sir ko‘rsatadi, biroq aslida bunday emas», - deya amaliyotga izoh bergan shifokorlardan biri. 

Jarrohlik amaliyotidan so‘ng to‘la tiklanishga taxminan bir yil talab etiladi, Mitchell shundan so‘ng yana fermaga qaytishni mo‘ljallamoqda.

Mavzuga oid
Top