16:25 / 17.07.2017
9083

«Milan»ni to‘xtatib bo‘lmayapti. Jamoa bosh direktori yana hujumchilar istamoqda

«Milan» bosh direktori Marko Fassone klubning transfer siyosati haqida gapirdi.

«Yana Belotti, Morata yoki Obameyang bilan shartnoma imzolasak yaxshi bo‘lardi. Ko‘ramiz, biz kimni tanlar ekanmiz. Balki, biz OAVda yozilayotganlardan boshqa nomzod bilan shartnoma imzolarmiz.

Hujumchi sotib olish uchun harakatlarni davom ettiramiz», — degan Fassone Mediaset Premium efirida.

U shuningdek, har kuni top darajadagi futbolchilar undan «Milan»ning yangi loyihasi haqida so‘rashayotganini aytib o‘tgan.

«Biz o‘tgan mavsumda oltinchi o‘rinni egallab Yevropa ligasiga yo‘llanma olgan Vinchentso Montellaning jamoasini kuchaytirmoqchimiz. Massimiliano Mirabelli (sport direktori) bilan birgalikda biz klubga yordam berishi mumkin bo‘lgan kuchli futbolchilarni jamlamoqdamiz.

Har kuni top darajadagi futbolchilar bizning loyihamizga qiziqib, ma'lumot so‘rashadi. Bu esa biz uchun sharaf», degan u. 

Bundan oldinroq «Milan» «Real»dan Alvaro Moratani 70 million yevroga transfer qilishga yaqin ekani haqida xabar berilgandi.

Shu kungacha jamoa 10 futbolchi transferini rasmiylashtirgandi: «Vilyarreal»dan himoyachi Mario Musakkio, «Atalanta»dan tayanch yarim himoyachisi Frenk Kessiye, «Volfsburg»dan himoyachi Rikardo Rodriges, «Portu»dan hujumchi Andre Silva, «Sanderlend»dan hujumchi Fabio Borini, «Bayyer»dan Hoqon Chalxono‘g‘li, «Atalanta»dan Andrea Konti, «Yuventus»dan Leonardo Bonuchchi va «Latsio»dan Lukas Bigliya sotib olingandi. Shuningdek jamoa darvozaboni Janluiji Donnarummaning katta akasi Antonio Donnarumma Gretsiyaning «Asteras» klubidan qaytarib sotib olingan.

Top