20:25 / 17.07.2017
25742

Virtual qabulxona vakillari Rufat Risqiyevni ziyorat qildi

O‘zbekiston Prezidenti Virtual qabulxonasi va Toshkent shahar hokimiyati xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh mashhur o‘zbek bokschisi Rufat Risqiyevning xonadonida bo‘lib qaytdi. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog‘ining «Xalq bilan muloqot /Dialog s narodom» sahifasida ma'lum qilindi.

Tashrif davomida unga amaliy yordam ko‘rsatish masalalari o‘rganib chiqilgan. 

Rufat Asadovich xaqiqiy sportchilar singari eng og‘ir damlarda ham hech kimdan yordam so‘ramaganini bildirgan.

Shunga qaramay tegishli tashkilotlarga uning uyidagi muammolarni o‘rganib chiqish, Rufat Risqiyevga zarur vositalarni taqdim etish va zarur holda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tibbiy yordam ko‘rsatish topshirilgan.

Ushbu masalalar Virtual qabulxonaning nazoratiga olindi.

O‘tgan yilning sentabr oyida afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev koma holatiga tushib qolgan, uning oyog‘i venalar trombozining og‘irlashishi tufayli amputatsiya qilingandi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda 67 yoshda bo‘lgan Rufat Risqiyev – Jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sovrindori. AQSh, Kuba, Avstriya, Yugoslaviya, Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olibi.

Markaziy Osiyodagi ilk xalqaro toifadagi professional boks hakami. «Hurmat Belgisi», «Buyuk xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati» ordenlari kavaleri. Yaqin o‘tmishda – O‘zbekiston professional boks federatsiyasining vitse-prezidenti, ayni paytda – oddiy pensioner.

Top