10:18 / 18.07.2017
13704

Xalqqa nafi tekkan amaldorgina shu xalqning chin vakilidir 

Illyustrativ foto

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining yarmi ortda qoldi. O‘tgan qisqa muddatda qator ishlar amalga oshirildi. Qolganlari davom etyapti. Albatta, qo‘lga kiritilgan yutuqlar o‘zimizniki. Biroq bugun xalq bilan muloqot qilish, aholining muammolarini o‘rganib, masalani joyida ijobiy hal etishda oqsoqliklar hamon uchrayotganidan tashvishga tushmaslikning iloji yo‘q. Bir narsa aniqki, davlat xalq hokimiyatiga asoslangan ekan, uning huzuridagi tashkilotmi yoki davlat oldidagi majburiyatlarni bajarayotgan nodavlat tashkilot bo‘ladimi, qat'i nazar omma bilan ishlashni kuchaytirish zarur.

Muammoning kichigi bo‘lmaydi. Chekka bir tumanda aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi yoki gaz muntazam ravishda uzilib tursa, o‘sha hududdagi aholining holi nima kechadi? Aholi o‘z murojaatida bu masala yuzasidan shikoyat qilsa, bunga mahkamadan turib, xat orqali javob yozish bilan ish bitmaydi. Bu arzimas muammo ekan deb, beparvolarcha murojaatni muddati o‘tgach, javobini yozib yuborish, o‘sha yerda istiqomat qilayotganlarning davlat tashkilotiga yoki mamlakat byudjyeti va boshqa manbalar hisobiga hukumat oldida majburiyatlarni bajarayotgan tashkilotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik keltirib chiqarmaydimi?

Sir emaski, aksariyat hollarda ayrim tashkilotlar o‘z oldidagi muammoni yechmasdan undan “burilib” o‘tish maqsadida sudga murojaat qiling, falonchiga murojaat qiling deb osongina ishni boshqalarga yuklashni odat qilib olgan. Achinarlisi, bu tashkilotlar o‘zidan yuqori turuvchi davlat organlariga har doim bitta javobni - hali unday, hali bunday ko‘rinishda mazmunan bir xil tarzda taqdim etadi. Bunda, asosan, falon tadbir tashkil etildi. Pismadoncha odam qamrab olindi, mutaxassislardan tegishli javob olindi kabi hisobotlar “gapiradi”. Ular olib borgan chora-tadbirlarning sifat darajasi, mavzu ko‘lami ham o‘sha balandparvoz gaplaru, siyqasi chiqqan shiorlar boshqacha qilib aytganda, “yashasin”, “ura-ura”dan boshqa narsa emas.

Tibbiyot kollejida o‘tgan uchrashuvda Oldingi chaqiriqda saylangan bir deputat bilan uchrashuvda ishtirok etdim. Deputatimiz yurtni qanday sevish kerak, partiya qanday tadbirlarni o‘tkazayotgani to‘g‘risida to‘lqinlanib so‘zladi. Tadbirdan so‘ng deputat kollej rahbariyatining tadbir davomidagi sovuqqina munosabatidan norozi ekani to‘g‘risida menga gapirib qoldi. Men unga shunchaki xafa bo‘lmang, deb qo‘ydim. Deputat hurmatni o‘zi so‘rab olgandi. Kollej direktoridan tortib, o‘quvchilargacha allaqanday tadbirbozlik haqida hisobot bergan deputatga yana qanday munosabat bildirish mumkin. Men davlatning oliy qonun chiqaruvchi hokimiyatida faoliyat yuritadigan sizlarning vakilingizman, deyishini kollejdagilar ko‘p kutdi. Lekin deputat bu gapni gapirmadi. Bu kabi holatlar hozir yo‘q, deb o‘ylaysizmi, albatta, bor.

Matbuotda keyingi o‘n besh yil ichida shunga amin bo‘ldimki, har bir sohada uchraydigan muammo bizning sohada ham talaygina ekan. Ya'ni, aholining ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan qiziqishi susayib ketgan. Ular orasida gazeta-jurnallarni o‘qiydigan yoshlar qatlami nihoyat darajada kam. Shunga yarasha savodxonlik darajasi ham haminqadar. Oliy ta'lim muassasasini jurnalist mutaxassisligini davlat granti asosida tugatib, suhbatdan o‘tayotgan sobiq talaba mamlakatning eng yirik nashrlaridan biri to‘g‘risida umuman eshitmagan. Bu to‘g‘risida u savol berganlarning o‘zidan javob olgach, xabardor bo‘ldi. Aholining aksariyat qismida matbuot to‘g‘risidagi fikr salbiy. Buning sababi oddiy chunki, ayrim bosma nashrlarda deyarli bir xil mavzular, o‘sha balandparvoz rukndagi maqolalarning chop etilishi muammolarning yoritilmasligi kabilar shular jumlasidan.

Aytgancha, jurnalistika ta'lim yo‘nalishidagi murabbiylar bu ketishda yaqin orada feleton janri yo‘q bo‘lib ketishini bashorat qilgandi. Bashoratlar o‘zini qisman bo‘lsa-da oqlayapti. Bu ketishda jurnalist surishtiruvi ham “Mushtum”dan naryog‘iga o‘tmaydi. Yaqinda bir tanishim mendan nega falonchi davlat nashri, bo‘lmasa ham, oldi-qochdilarni yozib tursa-da, buning ustiga narxi osmon bo‘lsayam tiraji katta, odamlar sotib olaveradi, deb so‘radi. Men unga bu gazeta oldi-qochdilarni chop etgani bilan deyarli har bir sonida aholining murojaatlarini o‘rganib, bu bo‘yicha javob yo‘llayotgani, falon joyda ochilgan yangi korxona to‘g‘risida kichkina bir ixcham xabar berib, bu nashrni “sariq matbuot” deb atayotganlarga o‘xshab, katta-katta sahifalarni shu kichik korxona uchun sarflamayotgani, eng muhimi sarlavha qo‘yishda xalqchil sarlavhalarga urg‘u berayotgani, yana bir jihati majburiy obuna uyushtirmasligi haqida aytdim.

Endi muammoni ushbu yilga nima dahli bor, deyishingiz mumkin. Albatta, dahli bor. Afsuski, boshqalarni “sariq”qa chiqarayotgan obunaboz nashrning bosh muharririga “Ey, baraka topgur, bir xil qolipdan foydalanishdan bezmadingmi, faqat maqtashni emas, odamlarning dardini ham yoz. Ularni o‘rgan”, deb ko‘ringchi, nima javob olar ekansiz.

Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi ismi sharifini sir tutishimni so‘ragan bir ayol hovlisining yo‘li ustiga uy-joy qurayotgan akasini bu yo‘ldan qaytarish maqsadida davlat interaktiv xizmatlar portaliga bir necha bor murojaat qilganiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tuman davlat arxitektura va qurilish bo‘limidagilar masalani ijobiy tomonga hal qilmasdan, turli bahona-vajlarni keltirib, aka-singil kelishib olinglar deb, ayolga nisbatan bosim o‘tkazib, bizga qo‘l qo‘yib bering, xatni yopishimiz kerak degan. Ko‘rib turganingizdek, hokimiyat vakillarining o‘z ishiga bo‘lgan munosabati ana shunday. Singilku, o‘sha noinsof akani yo‘lga sololmay oxiri murojaat qilishga majbur bo‘libdi. Xo‘sh, sen nega masalani qonunan ko‘rib chiqib, uni hal qilmaysan? Faqat idoraga kelib-ketib yursang bo‘ldimi? O‘qigansan, davlat seni ishga olgan, maosh beryapti. U beva-chi? Maktabni bitirib, katta hayot shu ekanda, deb turmushga chiqqan. Ko‘p utmay beva qolgan. 20 yoshga to‘lgan ishsiz o‘g‘li ish qidirsinmi yoki yo‘l ustida tog‘asi bilan janjal qilsinmi?

Boshqa davrada hokimiyatda ishlashini pesh qiladigan, bu kabi mansabdorlar oddiy xalq oldida maoshi kamligini ro‘kach qilib, nolishdan naryog‘iga o‘tmaydi. Ishga kelganda ularning munosabatini ko‘rib haqiqiy ahvolni baholayverasiz. Mahallada: “— Nega portalga yozasiz? O‘zimga kelsangiz, hal qilib berardim. Shartmidi shunday qilish? Sharmanda qildingiz odamni. Qo‘ying-ey, kutmagandim sizdan.” Mahalla raisining oldiga boraverib, ishi bitmagan oddiy fuqaroning portalga murojaatidan keyin rais bilan salomlashishda olgan javobi shunday edi. Bunaqa holat kam, deb o‘ylaysizmi? Afsuski, sanab adog‘iga yetish qiyin.

Aziz zamondosh, bugun portaldan kelayotgan topshiriqlarni kutib emas, yengni shimarib, odamlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish, ularning dardi bilan hisoblashish, aholi oldida turgan muammolarini imkon darajasida ijobiy hal etishni bir so‘z bilan aytganda, xalqqa nafimiz tegishi kerakligini esdan chiqarmaylik, Mana shu yurt meniki, uning xalqi mening xalqim deb yashash har birimizning burchimiz. Shundagina avlodlarga bizdan obod vatan qoladi. 

Akbarjon Abduraimov

Top