11:13 / 20.07.2017
17886

Xorazmda qizlarni aldab, pul topish bilan shug‘ullangan firibgar yigit ushlandi

Urganchlik Ulug‘bek Rahimovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) “sho‘x”liklari o‘zini sudning qora kursisi tomon yetakladi. Aslida uning qilmishlarini firibgarlik sifatida ta'riflasak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ulug‘bek birinchi turmushidan ajrashgach, o‘zi uchun pul topishning yangicha usulini kashf qildi. Qish kunlarining birida Nasiba ismli qiz bilan tanishdi. Go‘zallik salonida ishlaydigan Nasibaning toparmon-tutarmonligi Ulug‘bekka yoqib tushdi. Qizni “daromad manbai”ga aylantirdi. Avvaliga unga dil izhori qildi, qizni avray olmagach, uylanishga va'da berdi. Hatto qonuniy nikohdan ham o‘tdi. Shundan so‘ng “bir o‘zi to‘y qila olmasligi”ni aytib, to‘y xarajatlarini qoplashda yordam so‘radi. Urganchdagi mashhur to‘yxonalardan birini band qilganligini ham bildirdi. Qizdan avvaliga 1000 AQSh dollari undirishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin ichimliklarga, shirinliklarga, deya bo‘lib-bo‘lib yana besh million so‘m oldi. Ulug‘bek to‘y kunini bejiz “1 aprelda qilamiz”, demagan shekilli. Sanaga sanoqli kun qolganda, to‘yni boshqa kunga ko‘chirishni taklif qildi. Keyin esa janjalga bahona topib, Nasibadan uzoqlashish choralarini ko‘ra boshladi. Oxir-oqibat to‘yning bekor qilinganligini, unga uylanmasligini ochiqdan-ochiq e'lon qildi.

Bu paytda Ulug‘bek yana bir nayrangni boshlagan, Malika ismli turmushidan ajrashgan qiz bilan tanishib, unga ham sevgi izhori qilib ulgurgan edi. Biroq, unga uylanishni emas, sheriklikni taklif qildi.

-  Har birimiz o‘ttiz million so‘mdan pul qo‘yib, kafe ochamiz. Onang bilan singlingni ham ishga olamiz, daromadni teng bo‘lamiz, - deya va'da qildi.

Juvon unga ishondi. Uyiga taklif qilib, oilasidagilar bilan tanishtirdi. Malika yigitga bo‘lib-bo‘lib, 28 mln. 550 ming so‘m pul berdi. Keyinchalik, qizning onasidan kafeni ta'mirlashga kerak, deya omborxonasida turgan 14 dona yog‘och-taxta, suyultirilgan gaz baloni va 100 AQSh dollari olishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Kafe ishga tushdi. Navbat daromadga kelganda, Ulug‘bek so‘zidan tondi. Muammolari ko‘pligini, daromad yaxshi emasligini va boshqa bahonalarni ro‘kach qilib, foydani bo‘lishishni orqaga surish barobarida, Malikadan uzoqlashish yo‘lini izlay boshladi.

O‘zini uddaburon deb bilgan Ulug‘bek adashdi. Gal qonun oldida javob berishga to‘g‘ri kelganida, turli bahonalarni o‘ylab topa boshladi. Bir ko‘rsatmasi boshqasini inkor qildi. Oxir-oqibat qizlarni aldab topgan pullarni egalariga qaytarib berishiga to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, unga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Top