23:01 / 21.07.2017
48208

Imom Buxoriy majmuasi yaqinida uyi buzilgan oilalar tovon puli olisholmayapti

«Samarqand viloyati, Payariq tumani, “Xo‘ja Ismoil” MFYda odamlar chaylada uxlamoqda», degan gaplar bilan boshlanuvchi murojaat tahririyatimizga kelib tushdi. Yuqorida tilga olingan manzilda istiqomat qiluvchi A.Yo‘ldoshev nomidan kelgan murojaatga ko‘ra, tumandagi Imom al-Buxoriy ziyoratgohi atrofini obodonlashtirish vajidan yo‘l ustidagi ayrim xonadonlar buzilgan va hanuzgacha uy egalariga tovon puli to‘lanmayapti.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Xo‘ja Ismoil qishlog‘iga yo‘l oldim. Samarqand – Chelak yo‘lidan o‘ngga — Imom al-Buxoriy ziyoratgohiga burilishingiz hamono yo‘lning ikki chetida qurilish ishlari qizg‘in borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Yo‘l chetida 2 qavatli 4 sotixli kottejlar, ko‘p qavatli uylar barpo etilmoqda. Ehhe, bu qurilishlar tugasa, bu yerlar hali kishining bahri dili ochiladigan go‘zal maskan bo‘lishiga shubha yo‘q...

Ammo A.Yo‘ldoshev ko‘rsatgan manzilga yetib borganimda, murojaatda aytilganidek, yo‘lning oxirida o‘ng tomonidagi 9 ta xonadonga tegishli uylar ham qisman buzilganiga guvoh bo‘ldim va xonadon sohiblarining kayfiyatini yaxshi deb bo‘lmaydi, aslo. Xonadon egalari — ularning orasida yoshlariyam, nuroniylari ham bor, «bizning muammomizni hal qilib bera olasizmi?», deb mo‘ltirab turishibdi. Hech kimning uyi buzilmasin ekan, o‘zi aslida…

1 iyulda xonadon egalariga uylarini buzish zaruriyati haqida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Toshpo‘latov nomidan ogohlantirish xati berilgan. Xonadon egalari mardikor yollab, ayrimlari shunga ham ortiqcha mablag‘ sarflamasdan, o‘z oilasining kuchi bilan aytilgan muddatda uylarni buzishgan. 10 iyul kuni ularga yangi yer maydonidan yer ajratib berilgan.

Uylari buzilgan va hanuzgacha buzilgan uylari uchun pul ololmagan xonadon egalarining aytishicha, yo‘lning narigi chetida ham barpo etilajak Imom Buxoriy hadislar maktabi va ilmiy tadqiqotlar markazi o‘rni uchun 33 ta xonadon buzilgan va ularga allaqachon davlat tomonidan tovon puli to‘lab ham bo‘lingan. Bu uylarning egalari ayni paytda davlat ajratib bergan yangi joyda uy barpo etish bilan mashg‘ul. Hokimlik yangi yer uchastkasini elektr simyog‘ochlari, transformator podstansiyasi bilan ta'minlab, elektr toki ham tortib bergan.

Lekin 9 ta xonadon egalariga ajratilgan joy qoziq qoqilib, bo‘lib berilgan bo‘lsa-da, hanuz qurilish ishlarini boshlash uchun mablag‘ berilmayotir. Ular buzilgan uydan chiqqan qurilish materiallarini yangi uchastkaga olib borib qo‘yib, chayla tiklab, tuman hokimligidan imo kutmoqda.

Xonadon egalarining e'tirozi quyidagicha:

Avvalo, buzilgan uylar ular kutganidan arzon baholangan. Biroq yo‘lning narigi tomonidagi xonadon sohiblaridan ayrimlari sudlashib ham davlat belgilagan summadan ortig‘ini ololmaganidan so‘ng, bular boriga ko‘nib, shartnomani imzolab berishgan. (Ularning qo‘llarida shartnoma nusxasi ko‘rmadim, barchasini hokimlik qaytarib olib ketgan ekan. Nega?). Biroq o‘sha pul ham hanuzgacha qo‘llariga tegmagan.

Ayni damda ular qarz olib, jilla qursa, g‘isht quyish ishlarini boshlab yuborishgan. Yangi uyning poydevorini tiklash uchun — sement, tosh, shag‘al, usta puli kabi xarajatlarga katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Hokimlik va'da qilingan mablag‘ni berishni paysalga solmoqda.

Buzilgan xonadon sohiblari haqiqatdan ham ayni damda paykalda chayla tikib, chivinga talanib yashashga majbur bo‘lishmoqda. Chunki yuqorida ta'kidlanganidek, mablag‘ yo‘q, qurilish ishlari to‘xtab yotibdi. Boz ustiga, yangi ajratilgan yer uchastkasi chorvachilik fermasiga yaqin joyda bo‘lganligi sababli havoda qo‘lansa hid ufurib turibdi.

Iyul oyi ham oxirlab bormoqda, avgust oyida tuproq-loy ishlari bajarib olinmasa, kuzda ustalar loy ishidan qochishini, qilsa ham bu uy egalariga bir-ikki karra qimmatroqqa tushishidan xavfsirashmoqda. Vaqt kutib turmaydi, axir?!

«Uyimiz buzilgunga qadar har kuni mutasaddi rahbarlar shu yerda, tepamizda edi. Rosti, yaxshi-yomon gaplar ham bo‘lib o‘tdi. Lekin, mana, buzib bo‘lganimizdan keyin hech kim holimizdan xabar olmayapti», — deydi Robiya Yo‘ldosheva.

«Bizni uyni buzishga majburlab, xat berib, tepamizda turib buzdirishganidan so‘ng kadastr xodimlari kelib, «Bekor uyni buzibsizlar, noto‘g‘ri o‘lchashgan ekan, bu uylar chiziqdan bor yo‘g‘i 25-50 sm ichkariga kirib qolgan ekan. Bu uchun uyni buzish shart emasdi», deb bizni battar sarosimaga solib qo‘yishdi. Ko‘chamizdagi 10-uy buzish ishlarini paysalga solgani uchun buzilmasdan ham qoldi, ana. Hozir biz o‘z qo‘limiz bilan buzilgan uyimizga bir tiyin ham ololmaymiz, degan xavotirdamiz», — deydi R.Yo‘ldoshevaning kelini.

«Tuman hokimi, Oliy Majlis Senati a'zosi A.Jo‘rayev ham kelmadimi?», deb savol berdim. «Biror marta holimizdan xabar olgani yo‘q. Faqat hokim muovini 4 nafar militsiya xodimi qurshovida kelib, talablarimizni yoqtirmasdan eshitib, do‘q-po‘pisa qilib ketadi», deyishdi.

«Bugun shu pul masalasida tuman markaziga — hokimlikka borib keldim. Hozir byudjyetda bir tiyin pul yo‘q, qachon pul tushsa — keyin olasizlar, deb qaytarib yuborishdi. Imom Buxoriy majmuasidagi masjiddan ishlayotgan ustalar uchun xayriya mahsulotlari ham keltirilib turibdi. Albatta, bu ham imorat sozlayotgan kishi uchun saxovatpesha insonlardan katta yordam. Biz esa hanuzgacha yangi uchastkaga usta sololganimiz ham yo‘q», — dedi Habiba Norboyeva.

Muammo yuzasidan Payariq tuman hokimining muovini Shavkat Toshpo‘latovga qo‘ng‘iroq qilganimda, u haqiqatdan ham haligacha uy egalariga pul berilmagani, pul tuman byudjyeti tomonidan ajratilishini aytib o‘tdi. Hokim muovini tuman byudjyetida ayni damda shu maqsad uchun mablag‘ mavjudligi, buzilgan uylar 850 million so‘mga baholanganini bildirib, bu borada hozir Respublikaning ruxsati kutib turilgani, 1–2 kunda (keyingi hafta deb tushunavering) fuqarolarga mablag‘ ajratilishini aytib o‘tdi.

Xullas, vaziyat shundayki, murojaatchilarning gaplariga ko‘ra va suratlardan o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkin: yo‘lning narigi tomonida buzilgan 33 ta xonadonga buzilishdan 2-3 kunda pul ajratilib, ular yangi joydan uylarni tiklab ham bo‘lishgan. Tomini yopish va pardoz ishlari qolgan. Maqolamiz mavzusiga aylangan 9 ta xonadon egalari esa hokimlik ularni aldab, sarson qilishidan juda xavotirda. O‘ylaymizki, yozning quyoshli, g‘animat kunlarida bu oilalarning mushkulini oson qilish uchun tumandagi mutasaddilar ishni tezlashtirishadi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top