12:53 / 21.07.2017
21944

Prezident soliq tizimini isloh qilish bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan ekspert komissiyani tuzish haqidagi farmoyishni imzoladi.

Bir oyda kamida bir marotaba yig‘ilish o‘tkazadigan komissiyaning asosiy vazifalariga - soliqqa tortish xalqaro amaliyotini o‘rganish va respublika soliq tizimini dunyoning rivojlangan mamlakatlarida qabul qilingan, xorijiy sarmoyadorlar uchun tushunarli bo‘lgan hamda ularni O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga rag‘batlantiruvchi soliq tizimiga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kiradi.

Boshqa vazifalar orasida – soliq siyosatining amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish, kamchiliklarni aniqlash, soliq tizimini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish bor.

Komissiya soliq yuklamasi shakllangan darajasining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyati, korxonalarning moliyaviy barqarorligi, iqtisodiyotda o‘zaro hisob-kitoblar holati, debitorlik va kreditorlik qarzlari dinamikasiga ta'sirini o‘rganish va tegishli takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, u mintaqalarning soliq salohiyatini aniqlash bo‘yicha, barcha darajadagi byudjyetlarning daromad bazasini mustahkamlash, moliya va soliq organlarining manfaatdorligini kuchaytirish bo‘yicha uslubiy masalalarni ishlab chiqadi.

Shuningdek, komissiya vazifalari ichiga soliq ma'muriyatchiligi amaliyotining chuqur va aniq tahlili, uni yengillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirmagan holda elektron xizmat ko‘rsatish, ularga uslubiy yordam ko‘rsatish va profilaktik ishlarni kuchaytirish, soliq monitoringi tizimini samarali tatbiq etish, soliq organlari faoliyatining ochiqlik hamda shaffofligini oshirish ham kiritildi.

Ekspert komissiyasiga vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, mustaqil ekspertlarni (chet eldan ham) ishga jalb etish huquqi taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 18 iyul kuni “Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Top