23:43 / 21.07.2017
31947

Test sinovlarida uyali telefonlardan foydalanmaslik yo‘li: aloqani butunlay uzish shart(mi?)

Saytimizda yaqinda huquqshunos, bloger Xushnud Xudoyberdiyevning «1 avgustdagi test sinovlarini yanada adolatli o‘tkazish uchun taklif»i e'lon qilingan edi. 

X.Xudoyberdiyev o‘z maqolasida mavjud qoidalarni to‘liq ishga tushirish va test sinovlariga telefon, shpargalka va boshqa yordamchi vositalar olib kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarni umuman imtihonga qo‘ymaslikni taklif etgan. Buning uchun avvaldan ularga tushuntirish berib borish, TV orqali ijtimoiy roliklarni aylantirish, hattoki tilxat yozdirib olish, bir gap bilan aytganda — «qo‘lga tushsang — haydalasan» qoidasini abituriyentlarning miyasiga singdirib borish kerakligini ta'kidlaydi.

Biroq, naqadar ogohlantirilmasin, «baribir men qo‘lga tushmasam kerak», degan ilinjda imtihonga telefon olib kirmoqchi bo‘lgan abituriyentning qo‘lga tushib, bir yillik umri sovurilishi yoki uddaburonlik qilib qo‘lga tushmasdan yoki tekshiruvchi xodimlarining sovuqqonligi yo o‘z tanishlarini ataylab o‘tkazib yuborishi tufayli ichkarida telefondan baribir foydalanish ehtimoli vujudga keladi.

Biz Xushnudning maqolasi so‘ngida mavzu borasida o‘quvchilarimizni ham munozaraga chorlagan edik. Tahririyatimiz pochtasiga ko‘plab murojaatlar, takliflar kelib tushdi va ularning aksariyati test sinovlari o‘tkaziladigan kuni — 1 avgust ertalab soat 8 dan 12 gacha uyali aloqani umuman o‘chirib qo‘yish kerak, degan yakkash fikrni ilgari surishmoqda.

Albatta, 1 avgust kuni 600 mingga yaqin abituriyent imtihonga kiradi. Bir qarashda, 600 ming kishi uchun 20 mln.dan ziyod uyali aloqadan foydalanuvchi insonlarni seshanba — ish kunida aloqadan quruq qoldirish adolatsizlikdek tuyuladi.

Lekin, menda bu borada boshqacharoq taklif bor. (Faqat bu yil kechikdik, taklifni kelgusi yildan joriy etish kerak)

Haqiqatan ham, uyali aloqani imtihon vaqtida 4 soatga o‘chirish test sinovlari mobaynida kuzatilayotgan katta adolatsizliklarga barham beradi va o‘z bilimiga tayangan abituriyentlarning o‘qishga kirishi ehtimolini keskin oshiradi. Telefonni o‘chirish bilan bog‘liq shunday tajribani qo‘llayotgan davlatlar ham bor ekan.

Aslida, imtihon bo‘layotgan hududning o‘zida aloqani bo‘g‘ish (glushilka) bilan muammoni barchaga tekkizmasdan hal qilish mumkin. Lekin bunga katta miqdorda texnik xarajatlar talab etiladi va juda qimmatga tushadi.

Mening taklifimga ko‘ra, yoki 1 avgustni dam olish kuni, deb e'lon qilish kerak yoki test imtihonlari kunini iyul oyining so‘nggi yakshanbasida o‘tishini doimiy qilib belgilab qo‘yish kerak. «Nega avgustning birinchi yakshanbasi emas?» deganlarga javob: bu holatda ilk yakshanba 6 avgustga ham to‘g‘ri kelib qolishi mumkin, bu esa javoblarni hisoblab chiqish e'lon qilish, talabalikka qabul qilish uchun oliygohlarda kam vaqt qolishiga sabab bo‘ladi.

Albatta, 1 avgustni dam olish kuni, deb e'lon qilish mantiqsizroqdek. 600 ming kishi uchun bir kun butun mamlakatni ishdan qoldirish yaramaydi. Boz ustiga, 1 avgust bayramga ham tortmaydi...

Yakshanba — o‘z nomi bilan dam olish kuni. Bu kunda firma, korxona va tashkilotlarga tegishli uyali telefonlardan xizmatda foydalanilmaydi. Ustiga ustak, o‘sha 600 mingta abituriyentni imtihonga kamida bir nafar yaqin qarindoshi (otasi, onasi, akasi va h.k.) kuzatib keladi. Test sinovlari kuni bino ichidagi abituriyentlardan tashqarida ularni kutuvchilar ko‘proq bo‘lishini hammamiz ko‘rganmiz. Agar test dam olish kunidan boshqa kunda o‘tsa, ular ham ishdan qoladi. Bundan tashqari, test sinovlari vaqtida auditoriyada kuzatuvchilik qiluvchi fuqarolar ham o‘zining asosiy ish joyidan javob olib o‘tirmaydi.

Uyali aloqa vaqtincha o‘chirilgani bilan, menimcha, uyali aloqa kompaniyalarida eng muhim xizmatlar — 101, 102, 103, 104 kabilarni ishlatib qo‘yishning texnik imkoniyati bor. «Tez yordam», o‘t o‘chirish xizmati, militsiya va gaz avariya xizmatiga, shuningdek, qisqa ishonch telefonlari raqamlariga bemalol qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Dam olish kuni bo‘lgandan keyin ko‘pchilik o‘z uyida bo‘ladi va zaruriyat tug‘ilganida uy telefonlaridan foydalanib turishadi. Barcha tashkilotlarning ish telefonlari bor, ishonch telefonlari ham mobil emas, oddiy raqamlar.

Xullas, Xushnud aytganidek qilinsa, telefon bilan qo‘lga tushadigan abituriyentlar ishtirokida janjal va boshog‘riqlar respublikamizda test o‘tadigan har bir binoda yuz berishi turgan gap. O‘zingiz o‘ylang, telefon yo shpargalka bilan qo‘lga tushgan 100 nafar abituriyent imtihonga kiritilmasdan, binodan haydab chiqarilsa nima bo‘ladi? Qo‘shimcha xavfsizlik kuchlari talab etilmaydimi?

Shu sababli six ham, kabob ham kuymaydigan yo‘l — imtihonni yakshanba kunga belgilash va uyali aloqani 4 soatga o‘chirib qo‘yish. Xalqimiz yilning bir kunida 4 soat sodir bo‘ladigan bu holatni to‘g‘ri qabul qiladi. Faqat, adolat yuzasidan, o‘sha kun, albatta, dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi ham kerak-da.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Mavzuga oid
Top