13:18 / 22.07.2017
11470

Ilhom Aliyev Putin bilan Tog‘li Qorabog‘dagi keskin vaziyatni muhokama qildi

Foto: Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati

Ozarboyjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev hamda Vladimir Putin Sochidagi amaliy uchrashuv davomida Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga yechim topish masalasini muhokama qilishdi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati xabar bergan.

"Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Sochidagi uchrashuvi doirasida Armaniston-Ozarboyjon muammosi – Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi", - deya xabar bergan matbuot xizmati.

Aniqlik kiritilishicha, davlat rahbarlari Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari bor ekani, ikki tomonlama munosabatlar siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanayotganini ta'kidlashgan.

"Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi. Davlat rahbarlarining ishonch bildirishicha, Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona hamda strategik sheriklik aloqalari kelajakda ham rivojlanib boradi", - deya qayd etiladi xabarda.

Ozarboyjon prezidentining Rossiyaga amaliy tashrifi bugun, 22 iyul kuni o‘z yakuniga yetadi.

Top