00:02 / 23.07.2017
16106

«Hilol-nashr»da Qur'oni Karimga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

22 iyul kuni «Hilol-nashr» nashriyoti hamda Islom.uz portali tomonidan tashkil qilingan «Qur'onga xizmat – oliy maqsad» nomli anjuman bo‘lib o‘tdi.

An'anaga ko‘ra, anjuman Qur'oni Karim tilovati bilan boshlandi. So‘ng nashriyot rahbari Ismoil Muhammad Yusuf anjumandan ko‘zlangan maqsad hamda kelgusi rejalari haqida so‘zladi. 

«Ramazon – Qur'on oyi. Shu bois, bu oyda o‘tkazilgan barcha tadbirlarimizning markazida, zamirida Qur'oni Karimni o‘rganish va o‘rgatish, Qur'onga amal qilish, Qur'onga xizmat qilish yotadi. Shuning uchun ham bugungi anjumanimizni «Qur'onga xizmat» deb nomlab, Alloh taoloning muborak Kalomiga xizmat qilgan azizlarimizni taklif etdik», - dedi Ismoil Muhammad Yusuf.

Shundan so‘ng «So‘nmas sadolar» turkumining navbatdagi sonlarini taqdim etish vaqti keldi. Ustoz Ne'matulloh qori tomonidan qilingan xatmi Qur'on hamda terma qiroatlar jamlanmasini «Islom ota» masjidining imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid taqdim qildi.

«Ma'lumki, «So‘nmas sadolar» turkumining dastlabki sonida ikki xatmi Qur'on taqdim qilingan edi. Bu xayrli ish Vatanimizning diniy-ma'rifiy tarixida katta voqea bo‘ldi. Qalbi Qur'onga mushtoq, ko‘ngli Qur'onga oshno xalqimiz bu munavvar osori atiqalarimizni bag‘oyat mamnuniyat bilan kutib oldi. Turkumning navbatdagi sonida yaqin o‘tmishimizda Qur'oni Karimga xizmat qilib o‘tgan ustoz qori buvalarimizdan yana biri ‒ Ne'matulloh qori Qosimjon o‘g‘li rahmatullohi alayh o‘qigan xatmi Qur'on havola qilinmoqda. Bu xatm 1978-79 yillarda tasmaga tushirilgan. Afsuski, tasma to‘liq saqlanib qolmagan, undagi ayrim sura va oyatlar tushib qolgan, ammo qiroat juda ham go‘zal bo‘lib, ko‘p qismi tiniq saqlangan», deyiladi xabarda.

Top