00:32 / 23.07.2017
13624

Toshkent viloyati IIB firibgarlik nag‘malari haqida ma'lumot berdi

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshib bormoqda. Toshkent viloyati IIBda bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida ham shu haqda so‘z bordi. IIB matbuot xizmati mazkur viloyat kesimida ro‘yxatga olingan ayrim firibgarlik ko‘rinishlarini oshkor qildi. 

Joriy yil 21 yanvardan 14 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Namangan viloyatida yashovchi, vaqtincha ishsiz I.M. Bekobod shahrida yashovchi nafaqaxo‘r G.I.ni ishonchini suiiste'mol qilib «Angren sh, 5/1b-dahasi, 36A-uy, 5-xonadonni rasmiylashtirib beraman» - deb aldab, 2 ming 300 AQSh dollarini olib, shu kungacha qaytarib bermagan. 

2016 yil 31 may kuni Bekobod shaharchasida vaqtincha ishsiz D.X. vaqtincha ishsiz A.D.ni ishonchini suiiste'mol qilib, «bank plastik kartochkasidagi 3 mln 300 ming so‘m pulni naqlashtirib beraman» - deb yolg‘on va'da berib, A.D.dan hisobida 3 mln 300 ming so‘m puli bo‘lgan plastik kartochkasini olib, qaytarib bermagan. 

Yangiyo‘l tumanida 2016 yil 15 may kuni vaqtincha ishsiz M.M., A.I. va O‘.E.larning ishonchini suiiste'mol qilib, «12 bosh qora mollarini sotib, pullarni 12 oy muddatda ustama foizlari bilan qaytarib beraman» - deb, A.I. va O‘.E.larga 62 mln so‘mni bermagan. 

Joriy yil aprel oyida Bo‘stonliq tumanida Qashqadaryo viloyatida yashovchi vaqtincha ishsiz A.M. aldash yo‘li bilan Bo‘stonliq tumanida yashovchi A.A.ning ishonchiga kirib, tovuq boqish uchun mo‘ljallangan sexiga havo aylanishi uchun «quvur o‘rnatib beraman» - degan vaj bilan 9 mln so‘m pulini olib qaytarmagan, ishni ham bajarmagan. 

2017 yil may oyida Bo‘ka tumanida doimiy ro‘yxatda turib, hozirda Olmaliq shahrida yashovchi uy bekasi F.T. firibgarlik yo‘li bilan 1972 yilda tug‘ilgan N.A.ning ishonchiga kirib, «uy olib beraman» - deb aldagan va N.A.dan 22 mln 300 ming so‘m pulini olib, o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan. 

Surxondaryo viloyatida yashovchi X.A. 2017 yil 15 aprel kuni Yuqorichirchiq tumanida yashovchi uy bekasi Z.M.ni ishonchini suiiste'mol qilib, «uyingizni ta'mirlashga zarur bo‘lgan taxta keltiraman» - deb aldab, undan 4 mln so‘m pulini olib, shu kunga qadar qaytarib bermagan. 

Angrenlik Q.E. 2015 yil iyul oyida firibgarlik yo‘li bilan M.M.ni «Angren sh., 5/5-daxasi, 44-uy, 11-xonadonni nomingga rasmiylashtirib beraman» - deb aldab, M.M.dan 1 ming 750 AQSh dollarini olgan va shu kungacha qaytarib bermagan. 

Top