20:40 / 23.07.2017
68164
Toshkent viloyatida yangi hokimlar tayinlandi
Foto: «Toshvil.uz»

Toshkent viloyatining Ohangaron va Yangiyo‘l tumanlari hamda Angren shahriga yangi hokimlar tayinlandi.

21 iyul kuni prezident tashrifidan keyin ishdan olingan Ohangaron tumani va Angren shahri hokimlari o‘rniga yangilari tayinlangan.

Endilikda Ohangaron tumaniga Rustam Ubaydullayev o‘rnida O‘ktam Tursunov rahbarlik qiladi.

Angren shahriga esa prezident tomonidan lavozimdan olingan Ibrohim Rahmonov o‘rniga Hakimjon Mamasodiqovich Abdulazizov yangi hokim etib tayinlandi. Abdulazizov shu kungacha Respublika FVV tizimida ishlagan.

Abduqahhor Abdusattarovich To‘xtaboyev esa Yangiyo‘l tumaniga yangi hokim etib tayinlangan. Bu tumanga o‘tgan yil avgustida Toshkent viloyati hokimligidan ketgan Sodiq Abdullayev rahbar etib tayinlangan, biroz avvalroq u bu lavozimdan ham ketgandi.

To‘xtaboyev prokuratura sohasida faoliyat yuritgan, 2012-2015 yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori, 2015-2017 yillarda Navoiy viloyati prokurori vazifasini bajaruvchisi sifatida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning «Toshkent viloyatining ma'muriy-hududiy tuzilishini hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Yangiyo‘l va Ohangaron yana viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarga aylantiriladi. Yetti yil avval ular tuman bo‘ysunuviga o‘tkazilgan edi.

Top