21:56 / 24.07.2017
18086

O‘zbekistonda Loyiha boshqaruvi agentligi tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, loyiha boshqaruvining yagona axborot tizimini yaratish orqali davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari amalga oshirilishini, moliyaviy mablag‘lar sarflanishini boshqarish mexanizmlarining samaradorligi va shaffofligini yanada oshirish, shuningdek 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsad qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi:

  • har bir resursning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma'lumotnomasini joriy etishni;
  • uch o‘lchamli loyihalash texnologiyasidan foydalangan holda resurslar hisobini yuritish, loyiha bo‘yicha qabul qilingan qaror samaradorligini baholash, resurslar miqdori va turlari to‘g‘ri belgilanganligini aniqlashni;
  • loyihaoldi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tegishli jarayonlardan o‘tkazish, ijro intizomiga rioya etish, ish yurituvi, hisobotlar tuzish ustidan elektron nazorat o‘rnatishni;
  • davlat xaridlarining shaffofligini va suiiste'molchiliklarning oldini olishni ta'minlaydigan yagona avtomatlashtirilgan tizim tashkil etishni;
  • ishlar bajarilishi va dasturlar ijrosining haqiqiy holatini aks ettiruvchi kalendar-tarmoq rejalashtirishni joriy etishni, shuningdek xabardor qilish tizimiga ega reja va jadvallarni shakllantirishni;
  • boshqaruv qarorlari qabul qilishning nazorat-tahliliy ta'minotini nazarda tutishi belgilab qo‘yilmoqda.

Farmonga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tashkil etilmoqda.

Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilanadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish;
  • resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma'lumotnomasini yuritish;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish uchun yagona axborot maydonini yaratish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga ko‘maklashishni ta'minlash, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va har tomonlama tahlil qilinishini ta'minlash;
  • loyihalarni, shu jumladan amalga oshirilayotgan loyihalarni korrupsiya va boshqa suiiste'molchiliklar alomatlari mavjudligi yuzasidan kompleks texnik-iqtisodiy tahlil qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi ishlashini ta'minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda joriy etish;
  • loyiha boshqaruvi sohasida kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi. Agentlik direktori maqomi, tibbiy va transport ta'minoti shartlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisiga, direktor o‘rinbosarlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Mavzuga oid
Top