23:18 / 24.07.2017
18951

Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markaziga qabul boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish» loyihasi doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Samarqand shahrida tashkil etilgan Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quvchilar qabul qilinadi.

Markazda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish (qayta tayyorlash) quyidagi kasblar bo‘yicha bepul amalga oshiriladi:

  • avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik-mexanik (avtoslesarlar, motoristlar, avtomobillar diagnostikasi bo‘yicha mutaxassislar);
  • payvandlash ishlari mexanik texnigi (payvandchilar, chilangarlar va metallarga ishlov berish mutaxassislari);
  • elektron texnikalarini montaj qilish va sozlash texnigi (elektron va maishiy texnikani, radio va teleapparaturani ta'mirlash va ularga servis xizmati ko‘rsatish mutaxassislari);
  • kompyuter injiniringi texnigi – axborot texnologiyalari (hisoblash mashinalari operatorlari, kompyuterlar va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ularni ta'mirlash).

Markazda kasb-hunarga o‘qish muddati 10 oy, shundan Markazda o‘qish – 6 oy, korxonalarda ishlab chiqarish amaliyoti – 4 oy.

Markazda o‘qiyotgan talabalar uchun 6 oy mobaynida Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan eng kam oylik ish haqi miqdorida ishsizlik nafaqasi beriladi.

Kasb-hunarga o‘qitish markaziga hujjatlar tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazining yo‘llanmasi asosida qabul qilinadi.

Samarqand shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining bitiruvchilariga egallagan kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.

Talab qilinadigan hujjatlar: ariza, pasport (asli va nusxasi), ishga joylashtirishni kafolatlovchi uch tomonlama (ish beruvchi, tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazi, jismoniy shaxs) shartnoma nusxasi, tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan berilgan yo‘llanma, 3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 4 dona rangli fotosurat.

Hujjatlar 2017 yil 15 iyuldan 15 avgustgacha qabul qilinadi.

Manzil: Samarqand shahar, Spitamen ko‘chasi, 264a uy

Murojaat uchun tel.: (99866) 221-72-85, 221-72-62, 221-73-62

Mo‘ljal: SamDU Pedagogika fakulteti.

Avtobus yo‘nalishlari: 4, 12, 16, 32, 35, 66, 85, 97, 99.

www.samarkand-vtc.uz

Mavzuga oid
Top