01:09 / 25.07.2017
27685

Abdulaziz Komilov «Rossiya-24» telekanaliga intervyu berdi

2017 yilning 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Rossiya 24» telekanali muxbiri Robert Frantsev savollariga javob berdi.

— Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, suhbatimizni ham Rossiya, ham O‘zbekiston aholisi o‘rtasida jonli qiziqish hosil qiladigan mavzu — mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichidan boshlasak, degandim. Siz bu jarayonni qanday baholaysiz, hozir bizning ikki tomonlarama munosabatlarimizdagi bosh rivojlantiruvchi vektor nima?

— O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari haqida to‘xtalar ekanman, qayd etmoq joizki, yangi munosabatlar chorak asrga yaqin davrida ma'lum bir evolyutsiyaga ega bo‘ldi. Munosabatlarimizning turli davri va ko‘rinishlari sodir bo‘lib turdi. Lekin munosabatlarimiz bugunga kelib eng barqaror va eng sermahsul ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Bunga asosiy sabab qilib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shu yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga statusi bo‘yicha davlat tashrifi, mazmun jihatidan tarixi tashrifi sabab bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu tashrif davomida, avvalo, davlatlarimiz yetakchilari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlarning yuqori darajasi o‘rnatildi, o‘zaro ishonch tasdiqlandi va asosiysi — munosabatlarimizning keng qamrovli kun tartibi belgilab olindi. Bu kun tartibi shunisi bilan farqlanadiki, u bizning o‘zaro harakatlarimizning amalda mavjud barcha yo‘nalishlarini qamrab oldi. Bu nafaqat davlatlarimiz orasidagi an'anaviy iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar sohalar, balkim bu borada harbiy-texnik hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani ham yangi yo‘nalish bo‘ldi. Bu esa o‘zaro ishonchning yuqori darajasiga erishilganlikning nishonasidir.

— Tashqi siyosatdagi ustuvorliklarni amalga oshirishning muayyan qadamlari haqida gapiradigan bo‘lsak, keyingi qadamlar qanday bo‘lishi kutilmoqda?

— Avvalo, prezidentimizning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga asosan, biz o‘ziga xos qo‘shma reja tuzib oldik, uni o‘ziga xos yo‘l xaritasi, deb atash ham mumkin. Bu yo‘l xaritasi erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Bu reja bizning siyosiy, iqtisodiy, savdo-sotiq, investitsion, moliyaviy, madaniy-gumanitar va harbiy-texnik sohalardagi hamkorligimizni qamrab oladi. Tashkiliy tomondan ham bir qator muhim qadamlar bosildi. Avvalo, biz qo‘shma komissiyamizda hamraislik qilish darajasini oshirdik, O‘zbekiston tomonidan bu komissiyaga bizning bosh vazirimiz Abdulla Nigmatovich Aripov, Rossiya tomonidan esa hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosari janob Shuvalov rahbarlik qiladi. Bu esa, fikrimcha, O‘zbekiston tomoni Rossiya bilan hamkorlikka alohida muhim ahamiyat qaratayotgani, eng muhimi — tashrif davomida so‘z borgan muayyan loyihalar va rejalarni amalga oshirishidan darak beradi.

— Biz biroz so‘z ochgan mavzu — davlatlarimiz rahbarlari V.V.Putin va Sh.M.Mirziyoyev o‘rtasidagi shaxsiy aloqalar haqida savol. Bunday shasxiy uchrashuvlarning davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga hissasini qanday baholaysiz?

— Shubhasiz, liderlarimiz RF prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi prezidentlari o‘rtasidagi aloqalar sherikchilik va ittifoqchilik munosabatlarni o‘rnatishda alohida muhim ahamiyatga ega. Qisqa vaqt ichida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bir qator formal va noformal uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ta'kidlashim kerakki, avvalo hamkorligimizning muayyan masalalarini muhokama etishdan tashqari, yuqorida aytib o‘tganimdek, juda yaxshi shaxsiy aloqalar o‘rnatildi. Avvalo, bu o‘zaro ishonch bo‘lib, u nafaqat eng yuqori darajada, balkim biz rossiyalik do‘stlarimiz va hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilayotgan barcha ishchi darajalarda ham o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim yangilik hisoblanadi.

— Mintaqaviy kun tartibi haqida so‘zlashsak. Mintaqada yuz berayotgan voqealar Toshkentdan turib qanday ko‘rinmoqda, qo‘shnilar bilan munosabatlar qay tartibda o‘rnatilmoqda? O‘zbekiston tashqi siyosatining shu yo‘nalishi haqida gapirib bersangiz.

— Siz mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash borasida juda muhim savolni o‘rtaga tashladingiz. Bu esa avvalo qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish degani. Shubhasiz, ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, juda ko‘plab hal etilmagan masalalar, aytish mumkinki, jiddiy va nozik muammolar to‘planib qolgan. Biz bunday muammolar faqatgina o‘zaro hurmat, tomonlarning manfaatlarini tan olish va oqilona kelishuvlarga erishish asosida yechilishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu yerda biz boshqa variant ko‘rmayapmiz va o‘ylaymizki, barqudrat davlat sifatida Rossiya o‘zining janubiy sarhadlariga chegaradosh bo‘lgan bu ulkan mintaqada barqarorlik hukm surishidan manfaatdor, shu sababli mintaqadagi tinchlik, barqarorlik va bir maromdagi rivojlanishni ta'minlash borasidagi tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlaydi.

— Nafaqat bizning davlatlarga tegishli, shuningdek global muammolar haqida og‘iz ochmaslik noto‘g‘ri bo‘lardi. Albatta, bular — xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm muammolaridir. O‘zbekiston bunday zamonaviy tahdidlarga qanday javob brmoqda?

— Bu nafaqat ikki tomonlama munosabatlarimiz kun tartibidagi, balki, umuman, global xarakterdagi, harqanday muhim xalqaro anjuman, xalqaro uchrashuv kun tartibidagi jiddiy muammolar hisoblanadi. Biz bu muammolarni BMT, ShHT va boshqa xalqaro institutlar  doirasida ham muhokama qilib kelmoqdamiz. Biz uchun muhimi, yuqorida ham qayd etganimdek, o‘z mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashdan iborat. Bu holatda, shubhasiz, Afg‘onistonda saqlanib turgan keskinlik barchani tashvishlantirmasdan qolmaydi. Men qoniqish bilan qayd etishim kerak, bizning siyosiy maslahatlashuvlarimiz va doimiy uchrashuvlarimiz ko‘rsatmoqdaki, bu muammolarni hal etishda Rossiya bilan yagona yondashuvga egamiz. Men hozir Afg‘onistonda ehtimolli tinchlik jarayonni rivojlanishining muayyan variantlari yoki ssenariylariga kengroq to‘xtalib o‘tmoqchi emasman, lekin strategik manfaatlar nuqtai nazaridan, biz har ikki davlat bu davlatdagi barqarorlikdan manfaatdormiz. Umid qilamanki, davlatlarimiz ikki tomonlama bo‘ladimi, ko‘p tomonlama bo‘ladimi, ana shu mintaqaviy xavfsizlik muammolarini hal etishda bundan keyin ham jips hamkorlik qilishda davom etaveradi.

— Agar global jarayonlar haqida so‘z ochsak, dunyoga alohida, unikal, o‘zbekona nazar tashlash mavjudmi?

— O‘zbek siyosatiga tekkizmasdan aytishim mumkinki, tashqi siyosatda boshqalar shu choqqacha amalga oshirmagan qandaydir biror unikal narsani bajarishga urinish har doim ham sermahsul natijalarga olib kelavermaydi. Shu sababli bizning siyosatimiz real vaziyatga, BMT tomonidan tan olingan prinsiplarga tayanadi. Va bu siyosat pragmatik bo‘lishi kerak. Bu holatda ikki tomonlama asoslarda bo‘ladimi yo ko‘p tomonlama, juda murakkab va goho nozik masalalarni yecha turib, biz o‘zaro manfaatlarni tan olinishiga tayyor bo‘lishimiz, oqilona kelishuvlarga erishish — bugungi kun tartibida turgan juda murakkab masalalarni hal etishning eng optimal yo‘li ekanligini tan olishimiz kerak.

Top