15:28 / 25.07.2017
29246

Binoni buzish ishlariga jalb etilgan maktab xodimi ish vaqtida jarohatlandi

Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 62-maktabning texnik xodimi majburiy mehnatga jalb etilishi oqibatida jarohat oldi.

«Kun.uz» manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, u Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan, xususiy tadbirkorga tegishli binoni buzish ishlarida qatnashayotganida tomdan yiqilgan.

Sayt tahririyati bu hodisa yuzasidan izoh so‘rab, Xalq ta'limi vazirligi bilan bog‘landi. Saytning Vazirlikdagi manbasi ham bu xabarni tasdiqlagan.

Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifi vaqtida yangiqo‘rg‘onliklarga qulaylik yaratish maqsadida yangi zavod qurish taklifini bergan.

Bu taklif mamnuniyat bilan qabul qilingan, mutaxassislar yangi zavod uchun tuman markazidagi eski do‘kon binosini tanlashgan. Shundan so‘ng, tuman hokimiyati va kasaba uyushmalari tashabbus ko‘rsatib, barcha soha vakillarini bu ishda qatnashishga chaqirgan. Maktablar ham bu zavod qurilishi ishida ishtirok etishi uchun bir nafardan texnik xodimini ajratadi.

Ma'lum bo‘lishicha, 62-maktab xodimiga tezda tibbiy yordam ko‘rsatilgan, u moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlangan. Ayni vaqtda u oilasi bag‘rida ekani qo‘shimcha qilingan.

Ma'lumot uchun, maktab texnik xodimi - qorovul, bog‘bon, usta, elektrik va dars bermaydigan shtatdagi boshqa ishchilar hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-8 iyul kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida Yangiqo‘rg‘on tumanida sement va g‘isht zavodlari qurishni taklif etgandi. 

Top