11:44 / 25.07.2017
35739

Ohangaron tumaniga Odiljon Jo‘rayev emas, O‘ktam Tursunov hokim bo‘ldi

Toshkent viloyatidagi Ohangaron tumanida yangi hokim ish boshladi.

Kun.uz manbasi xabariga ko‘ra, avvaliga tuman hokimi lavozimiga tayinlangani aytilgan Odiljon Jo‘rayev Ohangaron shahriga hokim bo‘ladi. Ayni vaqtda Senat Ohangaronga shahar maqomini tasdiqlashi kutilmoqda, shundan so‘ng Jo‘rayev shahar hokimi lavozimga tasdiqlanadi.

Ohangaron tumaniga esa O‘ktam Tursunov yangi hokim etib tayinlangan. U turli yillarda viloyat va respublika miqyosidagi turli lavozimlarda ishlagan.

Shavkat Mirziyoyevning «Toshkent viloyatining ma'muriy-hududiy tuzilishini hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Yangiyo‘l va Ohangaron yana viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarga aylantiriladi. Yetti yil avval ular tuman bo‘ysunuviga o‘tkazilgan edi.

21 iyul kuni prezident tashrifidan keyin Ohangaron tumani va Angren shahri hokimlari Rustam Ubaydullayev hamda Ibrohim Rahmonov ishdan olingandi.

2007 yildan buyon O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Hakimjon Abdulazizov Angren hokimi sifatida ish boshladi.

Shuningdek, o‘z vaqtida Navoiy viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan, 2012—2015 yillarda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori bo‘lgan Abduqahhor To‘xtaboyev esa Yangiyo‘l tumaniga hokim etib tayinlandi.

Top