17:30 / 26.07.2017
11921

2017 yil hisoboti: Oliy sud jinoiy javobgarlikdan ozod etgan shaxslar haqda ma'lum qildi

O‘zbekistonning umumiy yurisdiksiya sudlari odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

2017 yilning birinchi yarmida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 149 090 ta ish ko‘rilib, ularning 89,4 foizi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarildi. Mazkur qarorlar bo‘yicha talablarning 88,1 foizi qanoatlantirildi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu davrda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 40 008 nafar shaxsga nisbatan 30 198 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan, 66 ta ish bo‘yicha 88 nafar shaxs oqlangan.

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 6 993 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Shuningdek, jinoiy jazolarni liberallashtirilishi munosabati bilan yetkazilgan 290 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan 3 406 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan 223 793 nafar shaxsga nisbatan 189 344 ta ma'muriy ish ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan 186 837 ta ish ko‘rilib, ularning 97,9 foizi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarildi. Mazkur qarorlar bo‘yicha talablarning 93,6 foizi qanoatlantirildi.

2017 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida 13 899 ta shikoyat ko‘rib chiqilib, ularga asosan 370 ta sud qarori o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan.

Hisobot davri mobaynida sudlar tomonidan 128 274 ta sayyor sud majlislari o‘tkazildi.

Top