00:09 / 26.07.2017
36882

Sirdaryoda viloyat hokimi «gul o‘g‘risi»ga tuvakda gul sovg‘a qilgani haqida

Sirdaryo viloyat hokimligining rasmiy veb-sahifasi — Sirdaryo.uz’da viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ortiq Sultonovning «Nega shundaymiz?» maqolasi e'lon qilindi. Maqolada mushohadaga chorlovchi fikrlar barcha uchun birdek taalluqli bo‘lgani uchun uni sizlar bilan bo‘lishmoqdamiz.

Viloyatimiz markazi ko‘z o‘ngimizda nomiga yarasha Gulistonga aylanib boryapti. Ko‘chalar kengaytirilib, yangi-yangi ko‘p qavatli binolar, ishlab chiqarish korxonalari bunyod etilmoqda. Shaharni yashillikka burkash, dov-daraxtlar ekish, odam yo‘laklardan yursa atrofidagi yam-yashil o‘tlarni ko‘rib, ko‘zi yashnashi, dimog‘i turfa gullar iforidan chog‘ bo‘lishi uchun nimaiki kerak bo‘lsa, hammasi oldinma-ketin, navbat bilan qilinmoqda.

Yaqinda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimimiz bir voqeani aytib qoldi:

— Ertalab soat to‘rt-to‘rt yarimlar edi chamasi, odatimga ko‘ra shaharni yayov aylanib yuruvdim, — deydi viloyat hokimi G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayev. — Mustaqillik maydonidagi alvon gullar ko‘chatini tuprog‘i bilan o‘marib olayotgan odamni ko‘rib qoldim. Nima qilayotganini so‘radim. «Ishxonamga, kabinetimga olib borib, tuvakka solib qo‘yaman» dedi. «Bu gullar kabinetda o‘smaydi. Men sizga boshqa gullarni tuvagi bilan sovg‘a qilaman. Bu gul ko‘chada o‘sadi va o‘tgan — ketganning ko‘zini, dilini quvontiradi. Siz bu ishni bekor qildingiz», deb uni hokimlikka yetaklab kelib, ikkita tuvakda gul berib yubordim.

Majlisda o‘tirganlar gul o‘g‘risining, u gulni kabinetiga olib borib qo‘ymoqchi bo‘lsa, demak, u birorta korxona, tashkilot yoki muassasaning rahbaridir, nahotki shunchalik xudbin bo‘lsa, degan gaplarni gapirishdi.

Yana bir yig‘inda yo‘l yoqasida bir tekis o‘sayotgan, o‘tgan-ketganga zavq-shavq ulashayotgan gullarni ikki qiz yulib olayotgani, buni bir dugonasining tug‘ilgan kuniga olib bormoqchi ekanini aytib berganlarida, odamlarimiz nega shunaqa, deb ham xomush bo‘lganimiz, esimda.

Nega shundaymiz?

Bir quruvchi aytib beruvdi: katta yo‘ldan kichik yo‘lga burilayotgan joyga quvur yotqazish uchun yerning anchagina qismini kovladik. Shu chuqur ariqchaning ustidan odamlar o‘tib turishi uchun ikkita taxta qo‘ydik. Ikki tomoniga shag‘al tashladik. Ertalab ishga kelsak, ne ko‘z bilan ko‘raylikki, shu taxtalar yo‘q. Uch-to‘rt kunga qadar odamlar bu yo‘ldan yurolmadi.

Ming afsus!

Guliston shahriga ekilayotgan daraxtlar o‘ta noyob, ular Yevropa davlatlaridan keltirilgan. E'tibor bergan bo‘lsangiz, daraxtlar durkun, tekis o‘ssin, deya atrofiga suyanchiqlar qo‘yilayapti. Bu daraxt ostidagi o‘tlar faqat daraxtga emas, ko‘chaga ko‘rk berayapti. Odamlarning ko‘nglini ko‘tarayapti. Ammo shunday hamshaharlarimiz borki, ana shu o‘tlarga mollarini boqayapti. To‘g‘ri, sigirining yoki buqasining arqonini daraxtga boylab qo‘ygan emas, ammo molini yetaklab oziqlantirayapti.

Buni qanday tushunish mumkin?

Guliston shahridagi madaniyat va istirohat bog‘iga borayotgan yo‘laklarga plitkalar yotqizilgan. Ammo bu plitkalarning ustidan mashinasini g‘izillatib minib yuradiganlar ham bor. Nahot bu yo‘l faqat yo‘lovchilar uchun, mashinalar uchun emasligini mashina egasi bilmasa? Qurib bitkazilganiga hali hech qancha vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da plitkalarning ustidan yursangiz, shaqir-shaqur qiladi. Bu o‘sha mashina egalarinig farosatsizligidan boshqa narsa emas.

Yo‘llarimiz ravon bo‘lyapti. Ammo huzurini aravakashlar ko‘rayapti. Ular shaharning xohlagan yeriga eshak-aravaga qovun-tarvuz ortib olib, sotayapti. Hozir pomidor, bodring sotayotganlar ko‘payib ketgan. Hammasining eshak-aravasi bor. Asfalt ko‘chalar, trotuarlar, turar-joylardagi dilni xira qiluvchi iflosliklarga shu eshak-aravalar ham sababchi bo‘lyapti.

Buni kimlar tartibga solishi mumkin?

Hozir viloyat hokimligida shaharning markaziy ko‘chalari, istirohat bog‘lari, ovqatlanish shoxobchalari atrofida uy hayvonlarini boqish hamda eshak-aravalar yurishini cheklash bo‘yicha qaror tayyorlanmoqda. Zora, bu qaror ijrosi amalga oshib, shahrimizni dov-daraxtlarga, gullarga burkangan toza va ozoda shaharga aylantirishga xizmat qilsa?

Xuddi shunday! Bu qaror viloyatimizning barcha tumanlariga ham daxldordir.

Ortiq Sultonov,

Viloyat hokimligi axborot xizmati.

Mavzuga oid
Top