22:57 / 26.07.2017
6655

Xiaomi "aqlli" karnayni taqdim qildi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi Mi AI Speaker deb nomlangan "aqlli" karnayni taqdim qildi. Qurilma narxi 299 yuanni (45 dollar) tashkil qiladi, deb xabar bermoqda TechCrunch nashri.

Qurilma uchta dinamik (bitta asosda va ikkita yon tomonda) va 6 ta turli yo‘nalgan mikrofon bilan jihozlangan. Karnayni musiqa tinglash uchun va shaxsiy yordamchi sifatida qo‘llash mumkin: karnay musiqani striming xizmatlari orqali ijro etish, yangiliklar va ob-havo ma'lumotlarini o‘qish hamda foydalanuvchi taqvimidagi hodisalar haqida eslatib turishga qodir.

Bundan tashqari, karnayni Mi ekotizimining qolgan qurilmalari: Mi TV televizorlari, Mi Box pristavkalari, Mi Robot chang yutgichlari va boshqalarni boshqarish uchun qo‘llash mumkin. Kompaniya chetki dasturchilarni Mi AI Speaker uchun dasturlar yaratishga chorlagan.

Qurilma 2017 yil avgustdan sotuvga chiqariladi, birinchi bosqichda uni faqatgina Xitoyda sotib olish mumkin bo‘ladi. Kompaniya karnayni boshqa bozorlarga chiqarish niyati haqida hech narsa demagan.

Karnayning ilk ming xaridori uni bir yuanga sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Bundan keyin qurilma 299 yuan narx bilan sotila boshlanadi. Kompaniya bu aksiya hisobiga katta miqdorda xaridorlarni jalb qilmoqchi, bu esa karnayning foydalanuvchining ehtiyojlarini tushunish uchun yordamchi sifatida "saboq olishini" tezlashtiradi.

Mavzuga oid
Top