17:50 / 27.07.2017
26586

Toshkentdagi kafeda yuz bergan voqea yuzasidan 1 kishining ishi sudga oshirildi, 2 kishi ushlangan

24 iyulda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahridagi Rio Grand kafesida yuz bergan noxush voqea jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Unda S.U. ism-sharifli foydalanuvchi ayol shu yilning 26 martida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda otasining tavallud kuni munosabati ila ushbu kafeda tantanali dasturxon buyurtma qilishgani, kecha yakunlangach, to‘lovda 200 ming so‘m pul yetmay qolgani, u kafe rahbarlariga tilla zanjirini garovga bergani haqida qayg‘urib yozgan. Shundan so‘ng, jabrlanuvchining aytishicha, u ancha mast bo‘lib qolgan eri bilan ketishga chog‘langanida kafe ma'muri bo‘lgan ayol tilla zanjirni olib kelib bergan va eridan pulni talab qila boshlagan. 

So‘ngra kafe xo‘jayinlaridan biri qo‘riqchilar bilan kelib erini do‘pposlagan. U erini tez yordamni ham kutmasdan Respublika tez tibbiy yordam markaziga olib kelgan. Ma'lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi og‘ir jarohat olgan, qoshi yorilgani va tirsagi maydalanib ketgan. 

S.U.ning davom etishicha, u mazkur holat bo‘yicha Chilonzor tuman IIBga murojaat qilgan, biroq ichki ishlar idorasi xodimlari bu voqeani o‘rganishni paysalga solishgan. Bu orada kafe egalari unga 5 ming AQSh dollari tavsiya qilishgan. 

Kun.uz mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga murojaat qildi. 

Boshqarma vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda ushbu ish yuzasidan jiddiy tekshiruv olib borilmoqda. Gumonlanuvchilardan birining (qo‘riqchi) ishi sudga oshirilgan. Yana ikki kishi tergov qilinmoqda. Qolganlari qidirilmoqda. 

Top