11:10 / 27.07.2017
11668

Samarqandda ikki bola o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

2017 yilning 29 mart kuni kechasi taxminan soat 23:00da Tayloq tumani Madaniyat mahallasidan o‘tuvchi A-377 Samarqand–Ayniy avtomobil yo‘lida ro‘y bergan va ikki bola o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l transport hodisasi bo‘yicha aybdor javobgarlikka tortildi.

Urgut tumani Boybul qishlog‘ida yashovchi haydovchi Eldor Abdujabborovich Rustamov boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz «Lasetti» rusumli avtomashinani yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holatda boshqarib, Samarqand-Urgut yo‘nalishi tomon harakatlanib ketayotgan vaqtda Tayloq tumani Madaniyat qishlog‘ida yashovchi Akobir Qurbonov, Muhammadjon Muhammadiyev va Umid Suvonovni urib yuborgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Natijada ro‘y bergan mudhish yo‘l transport hodisasida voqea joyida jabrlanuvchi Akobir Qurbonov vafot etgan, Muhammadjon Muhammadiyev shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. 

Mazkur holat bo‘yicha viloyat yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari natijasida muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140- va 109-moddalari bilan sudlangan fuqaro Eldor Rustamov mast holatda, yo‘l harakati qoidalarining 109-bandiga zid ravishda, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga kelganda yuqori tezlikda yo‘lning o‘ng tomonidan harakatlanib kelayotgan piyodalarni urib yuborgani aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tayloq tuman sudi tomonidan «Xurshid trans» mas'uliyati cheklangan jamiyati binosida o‘tkazilgan sayyor sudda yo‘l transport hodisasi bo‘yicha tuzilgan jinoyat ishi hujjatlari atroflicha o‘rganilib sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakillari va guvohlarning ko‘rsatmalari va fikrlari tinglandi. 

Xalqimizda qilmish — qidirmish, degan naql bor. Yo‘l taransport qoidalariga amal qilmasdan, hech qanday hujjatsiz, mast holatda avtomashina boshqarib ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Eldor Rustamov ustudan sud hukmi o‘qildi. Sud hukmiga ko‘ra sudlanuvchi Eldor Rustamov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga transport vositasini haydash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Farhod NORBO‘TAYeV,
jurnalist

Top