20:30 / 28.07.2017
17565

Ochiq muloqot: Ahvoling qanday, yosh fermer?!

Yoshlarning barcha qatlamini qamrab olish O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining birlamchi vazifasiga aylangan. Joylarda fermer xo‘jaliklarini boshqarayotgan yosh vakillarimiz ham borki, ular tinim bilmasdan, har qanday zahmatni pisand qilmasdan mehnat qilmoqda. Ayniqsa, yozning jazirama issig‘idagi qaynoq faoliyat ularning kundalik tarziga aylangan. Eng muhimi, g‘alla, paxta, takroriy ekinlar ekib, daromad olayotgan, bu bilan o‘zining, ham ishchilarining ro‘zg‘orini obod qilayotgan bu yosh fermerlar o‘zlarini yurt taraqqiyotiga daxldor, deb biladilar.

Ammo ularning ish faoliyati har doim ham bir tekisda, risoladagidek ketyapti, deb bo‘ladimi? Afsuski, yo‘q! Ularning qalbida ne-ne orzular, rejalar borligiga qaramay, bu istaklarning amalga oshishida ne-ne to‘siqlar mavjud ekanligini bilamizmi? Darding ne, ahvoling qanday deb so‘raydiganlar bormi?

Jizzax viloyatining Do‘stlik hamda Paxtakor tumanlarida O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining yosh fermerlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti ana shu savolimizga javobday bo‘ldi. Dastlab Do‘stlik tumani dala shiyponida bo‘lib o‘tgan muloqotni  O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Jizzax viloyat kengashi raisi Aziz Egamberdiyev ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Odiljon Tojiyev so‘zga chiqdi.

– Keling, ortiqcha ma'ruzabozlikdan qochaylik-da, ochiq muloqotga o‘taylik. Bir-birimiz bilan samimiy suhbatlashaylik. Qanaqa taklifingiz bor, qanday muammolar sizni qiynayapti, bugun sizlarni eshitishga, muammolarni o‘rganishga kelganmiz, – dedi Odiljon Tojiyev yosh fermerlarga qarata. – Bir raqamni aytay. Bundan sizlar ham faxrlanasiz: Respublikamiz bo‘ylab 5847 ta yosh fermer bo‘lsa, shulardan ancha qismi – 1355 tasi Jizzax viloyati hisobiga to‘g‘ri kelar ekan. Demak, bu boshqa viloyatlarga qaraganda Jizzaxda yosh fermerlar faoliyati keng quloch yoyganligidan dalolat beradi. Eng ko‘p yosh fermerlar Jizzax viloyatida bo‘lgani uchun sizlar bilan ochiq muloqot tashkil qilishni maqsad qildik.

Shundan so‘ng viloyatning Arnasoy, Mirzacho‘l hamda Do‘stlik tumanlaridan kelib yig‘ilgan yosh fermerlar birin-ketin taklif va muammolarini aytishdi.

So‘zga chiqqan har bir fermer avvalo bu yilgi davlatga g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajarishganini, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekkanligini, bu ham davlatimizning fermerlarga yaratib bergan imkoniyat ekanligini alohida ta'kidlashdi. 

Lekin ularni qiynayotgan muammolar ham bor ekanki, bu muammolar hal etilsa turli adolatsizliklar barham topishi mumkin ekan. Olaylik, birinchi bo‘lib so‘z olgan bir fermerning aytishicha, mavsumiy ishchilarning chopiq qilgani uchun ish haqini berishda ancha muammolar paydo bo‘lmoqda. Muammo shundaki, bu ish haqlari bank tomonidan plastik kartochkalar orqali taqdim qilinmoqda. Chopiqchi bilan esa naqd ko‘rinishda kelishilgan bo‘ladi. Oqibatda fermer plastik kartochkasini pulni naqdlashtirib beradigan”tadbirkorlar”ga olib borib, 10-12 foiz pulni olib qolish evaziga naqd pulga ega bo‘lmoqdalar.

Paxta zavodda ishlaydigan hisobchilarni tartibga chaqirib qo‘yadigan odam yo‘qmi? Qarzimdan qutulgan bo‘lsam ham, hisob raqamimdagi pulni yana soliqdan qarzsan deb olib qo‘yadi. O‘zim yangi uy-joy olganman. Yangi uyning kreditidan qutulsam, traktor olaman degan niyatim bor edi. Hali unga, hali bunga deb pulimni sovurishadigan bo‘lsa, men qachon traktor olaman, deydi yana bir fermer.

– Ishimni juda yaxshi ko‘raman. Bugungi ochiq muloqot biz kabi yosh fermerlarga juda katta kuch bag‘ishlaydi. Mening ham faoliyatimda o‘ziga yarasha muammo bor, – deydi mirzacho‘llik Bekzod Umarov. – Oqar suv orqali ham, nasos orqali ham sug‘orilgan paxta hosili uchun bir xil pul to‘lanadi. Bizning fermer xo‘jalikdagi paxta nasos orqali sug‘oriladi. Axir, biz nasos uchun pullik shartnoma qilganmiz. Buning uchun yillik to‘lovlarni amalga oshirmoqdamiz. Hosil uchun to‘lovlarda ana shu jihatlar ham hisobga olinsa, degan taklifimni aytmoqchiydim...

Boshqa yosh fermerlarda ham shunga o‘xshash muammo bor ekan. Olaylik, yeri yaxshimi- yomonmi, hosildorligi balandmi-pastmi farqi yo‘q –davlat rejasi birday talab qilinayotganligi ham ularni qiynamoqda.

– Yosh fermerlarga ko‘mak beradigan“Yosh fermerlar assosiatsiyasi” tashkil qilinmoqda, – deydi Markaziy kengash bo‘lim mudiri Mahmudjon Inoyatov. –  Bu tashkilot fermerlarga har tomonlama ko‘makchi bo‘ladi. Hozirda tomchilatish, issiqxonalar tashkil etish, kreditlar olish, turli innovatsion texnologiyalar bilan ishlash kabilar fermerlarni qiziqtirgan jihatlardir. Ana shu yangiliklarni yosh fermerlar faoliyatiga joriy etishda bu assosiatsiya ko‘pgina ishlarni rejalashtirgan.

Muloqotdan so‘ng ishtirokchilar Do‘stlik tumanidagi “Nuriddin Fazliddin” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lishib, yosh fermer Furqat Nurmuhammedovning ishlari bilan tanishdi va tajribasi bilan o‘rtoqlashishdi. Furqat 1987 yili tug‘ilgan. Ikki yildan beri 40 gektar yer maydoniga ega shu fermer xo‘jalikni boshqaradi. Oliy ma'lumotli. Namunaviy asosda qurilgan yangi uylardan xarid qilib, unda istiqomat qilmoqda. Bir o‘g‘li bor. Bu yilgi g‘alla rejasini ortig‘i bilan uddaladi. Bo‘shagan g‘alla maydoniga takroriy ekinlar – qovun va mosh ekkan. 

Paxtakor tumanida bo‘lib o‘tgan muloqot ham juda samarali kechdi. Unda Zafarobod, Paxtakor, Sharof Rashidov tumanlaridan kelgan yosh fermerlar to‘plandi. Ular O‘zbekiston Qahramoni, viloyat fermerlar kengashi raisi, tajribali fermer Anorboy Eshmatov bilan uchrashdilar. Bu uchrashuvda ham yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammolarini aytishdi, takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, drenajlarning yaxshi ishlamayotganligi haqidagi muammoning aytilganligi ko‘pchilikka ma'qul keldi.

Mamlakatimizda hali birinchi marta yosh fermerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lib o‘tgan bunday ochiq muloqot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirganiga shubha yo‘q.

Shodi OTAMUROD,
Turkiston muxbiri

Mavzuga oid
Top