21:00 / 29.07.2017
285676

Gulnora Karimova tomonidan davlatga va xalqqa yetkazilgan zarar: uni nimalarga ishlatish mumkin edi?

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Gulnora Karimovaga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari yuzasidan ochiqlagan xabari yurtimizda juda katta shov-shuv keltirib chiqardi.

Bu holatda G.Karimovaning bevosita rahbarligida yuritilgan «Terra Group» MChJ, «Prime Media» MChJ, «Gamma Promotion» MChJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi 2013 yil 24 oktabrda — deyarli 4 yil muqaddam qo‘zg‘atilganiga alohida e'tibor berish lozim.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi (!) hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlar — jumladan, 2 trln. 91,4 mlrd. so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni sodir etishda aybdor, deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga yana ayrim jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ya'ni, bu hali ushbu jinoyat ishi uchun alohida sud bo‘lishi va yana jazo qo‘llanilishi mumkinligini anglatadi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e'lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh dollari, 26,1 mln. yevro — milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘mni tashkil etadi.

Gulnora Karimovaga tegishli kompaniyalarga nisbatan tergov harakatlari olib borilgani va sud o‘tkazilgani haqidagi ilk xabarlar 2014 yilda paydo bo‘lgan edi. 2014 yilning fevralida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi «Terra Group» MChJ, «Prime Media» MChJ va «Gamma Promotion» MChJning 10 dan ziyod mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochgani ma'lum qilingan edi. 2014 yilning 17 fevralida ushbu jinoyat ishi doirasida Gulnora Karimovaning yaqin safdoshlari — Rustam Madumarov, Gayane Avyakyan va Yekaterina Klyuyeva hibsga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2014 yil 18 iyul kuni o‘sha yili may oyi oxirlarida 13 nafar shaxsga nisbatan e'lon qilingan hukm haqida xabar bergan edi.

«2014 yil 24 mayda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va boshqalar (jami 13 shaxs) ga nisbatan ular sodir etgan deb qaralayotgan jinoiy ishlar bo‘yicha aybdor deb topilgan va ularga uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan», — deyilgan Bosh prokuratura xabarida.

G.Karimovaning qamoqqa olinishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozarani keltirib chiqardi.

«Kim nima deyishidan qat'i nazar, bu holat I.Karimovning shaxsiga zarracha soya sololmaydi. Umuman 3 ming yillik davlatchiligimiz tarixida I.Karimovdek asket rahbar bo‘lmagan va bundan keyin ham endi bo‘lmasa kerak. Hech kim unutmasinki, G.Karimovaga jinoiy ish ochish masalasi shaxsan I.Karimovning topshirig‘i bilan amalga oshirilgan. Tarixni titkilang: kim qaysi davlat rahbari bunday qilgan, jur'at etgan? Shu ma'noda I.Karimovning uni saylagan xalqdan ham, atrofidagilardan ham, tarixdan ham tili qisiq joyi yo‘q va bo‘lmaydi», deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

«Endi uning chet ellarda muzlatilgan mablag‘larini o‘zimizga qaytarish uchun rasmiy asos bo‘ldi. Markaziy bank bekorga «XVJdan qarz olmasdan konvertatsiyani ochamiz», demagan ekan», deydi Kun.uzning Feysbukdagi sahifasidagi xabar ostida sharh qoldirgan foydalanuvchilardan biri.

«Mana, sizga ochko‘zlik! O‘zi to‘ysa ham ko‘zi to‘ymagan-da. Bu yerda insonlar o‘rtacha 100$ atrofidagi maosh-nafaqalarini bir-biriga zo‘rg‘a ulab, kun kechirib yurishibdi. Qanchadan qancha zabardast aka-ukalarimiz ish yo‘qligidan chet ellarda sarson-sargardon yurishibdi. Qancha kasalxonalar, maktablar hali ham abgor holatda ishlamoqda. Shularning uvoli tutmaydimi axir?! E, xullas, gapirsangiz gap juda ko‘p. Bularning o‘margan summasini eshitib, tiling lol qolar ekan», degan boshqasi.

Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘pchilik Bosh prokuratura ma'lumotida tilga olib o‘tilgan davlatga va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori — 3 trln. 746,8 mln. so‘mni nimalarga ishlatish mumkinligi haqida fikr yuritishgan.

Raqamdagi ko‘rinishi 3.746.800.000.000 bo‘lgan 3 trillion 746 milliard 800 million so‘m jami zarar — uni qay tartibda shakllantirilgani va tarkibidagi valyuta boyliklari qaysi kungi, rasmiy yo bozor kursida hisoblangani aniq ko‘rsatilmagan esa-da — unga bugungi rasmiy kurs va narxlar bilan nimalar qurish yoki sotib olish mumkinligi haqida qisqacha tadqiqot o‘tkazdik.

Demak, bu pullarga quyidagi ishlarni amalga oshirish yoki quyidagi mol-mulklarni xarid qilish mumkin:

- 34 ming kam ta'minlangan oilaga 2 sotixli namunali uy-joy xarid qilish;

- 20 ming 200 oilaga 4 sotixli 4 xonali namunali uy-joy xarid qilish;

- Toshkent propiskasini qo‘lga kiritish imkonini beruvchi yangi uylardan – 10.008 ta xarid qilish;

- 12,5 ming km qishloq yo‘llarini asfalt qilish;

- 1 milliard so‘mlik zamonaviy qishloq maktablardan 3746 ta barpo etish;

- 1441 ta Mirobod tumanidagi Sh.Rashidov nomidagi zamonaviy mahalla markazi singari yangi mahalla guzarlari bunyod etish;

- Umumiy qiymati 254,5 mln. AQSh dollari bo‘lgan «Salomatlik-3» loyihasini to‘liq 3,5 marta amalga oshirish mumkin: bunda respublikamizdagi 172 ta tuman va shaharlardagi tibbiyot birlashmalariga o‘rtacha qiymati 700-750 ming AQSh dollarni tashkil etadigan jihozlar 3,5 martadan yetkazib beriladi.

- «Mash'al» yoki «Buxoro» kabi byudjyetga ega 178 ta futbol klublarini bir yilga moliyalashtirish yoki Oliy liganing 14 klubini to‘xtovsiz 25 yil moliyalashtirish;

- Margarin, quyultirilgan sut va mayonez ishlab chiqaruvchi zavoddan 918 ta qurish;

- Turkiyaning DAL Teknik Makina kompaniyasi tomonidan «Angren» erkin iqtisodiy zonasida quriladigan sanoat ahamiyatiga ega metall konstruksiyalar zavodiga o‘xshash zavoddan 91 tasini barpo etish;

- 4 ta Boeing-787-800 Dreamliner samolyotini xarid qilish;

- 17 mingta so‘nggi avloddagi Chevrolet Malibu avtomobili sotib olish;

- 551.000 ta iPhone 7 xarid qilish mumkin.

Top