07:50 / 30.07.2017
38445

«Barselona» mavsumning ilk klasikosida ustun kelib, turnir g‘olibiga aylandi

«Barselona» Xalqaro chempionlar kubogi uchrashuvida Madridning «Real»ini mag‘lub etdi. Mayamidagi «Hard Rok» stadionida o‘tgan uchrashuv kataloniyaliklar foydasiga 3:2 hisobida yakunlandi.

Uchrashuvda hisob 3-daqiqadayoq ochildi. Lionel Messi Busketsdan pas qabul qilib olib, raqib jarima maydonchasiga kirib bordi va darvoza to‘rini aniq nishonga ololdi (1:0). 4 daqiqa o‘tib «Barselona» ustunligini yanada oshirdi: Rakitich Neymarning kesib o‘tuvchi pasini golga aylantirdi (2:0).

12-daqiqada «Real» Mateo Kovachichning sa'y-harakatlari evaziga hisobdagi farqni qisqartirdi: xorvatiyalik futbolchi markaz orqali «Barsa» jarima maydonchasiga yo‘nalib, darvozaning chap burchagiga aniq zarba yo‘lladi (2:1). 36-daqiqada «Real» hisobni tenglashtirdi: qarshi hujumda Asensio Kovachich bilan kombinatsiya amalga oshirib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi. 

Ikkinchi bo‘limni ham Valverde shogirdlari faol boshlashdi. 50-daqiqada Neymar chap qanotda belgilangan jarima to‘pini darvozabon maydonchasiga yetkazdi. Pike 5 metr masofadan to‘pni oyog‘i bilan «Real» darvozasiga joylab qo‘ydi. Oradan 5 daqiqa o‘tib Neymarning o‘zi gol urishi mumkin edi. Messining uzatmasidan keyin braziliyalik futbolchi birga-bir vaziyatga chiqib ketdi, ammo darvozani ishg‘ol eta olmadi.

Shundan so‘ng har ikkala jamoa safida ketma-ket o‘zgarishlar bo‘la boshladi va boshlang‘ich tarkibdagi futbolchilardan deyarli hech kim qolmadi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Isko hisobni tenglashtirishga yaqin keldi. Uchrashuvning 81-daqiqasida u  chap qanotdan markaz bo‘ylab yurish qildi va 15 metrlardan olis burchakka aniq zarba berdi. Yasper Silessen barmoqlarining uchi bilan to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Lekin uchrashuvda hisob o‘zgarmadi va kataloniyaliklar mavsumning ilk «klasiko»sini o‘z foydasiga hal qildi.

«Barselona» qatorasiga 3 g‘alaba evaziga turnir g‘olibiga aylandi. Bungacha kataloniyaliklar «Yuventus» (2:1) va «Manchester Yunayted» (1:0) klublarini yenggandi. «Real» esa turnirda 3 o‘yinda 3 mag‘lubiyat qayd etdi.

International Champions Cup 
Real – Barselona 2:3
(2:2, 0:1)
Gollar: 0:1 – 3 Messi, 0:2 – 7 Rakitich, 1:2 – 14 Kovachich, 2:2 – 36 Asensio, 2:3 – 50 Pike. 
Real – Navas, Varan (Valexo, 46), Marselo (Teo, 74), Karvaxal (Xakimi, 74), Ramos (Nacho, 46), Kovachich (Sebalos, 74), Kazemiro (Markos Lorente, 74), Asensio (Vaskes, 46), Modrich (Isko, 46), Beyl (Oskar Rodriges, 74), Benzema (Mayoral, 74).
Barselona – Sillessen, Umtiti (Vermalen, 63), Pike (Maskerano, 73), Alba (Din, 73), Aleish Vidal (Nelson Semedu, 63), Rakitich (Alenya, 73), Buskets (Serdji Samper, 73), Inesta (Serji Roberto, 46), Neymar (Turan, 73), Messi (Denis Suares, 63), Suares (Pako Alkaser, 63).
Ogohlantirishlar: Varan (22), Karvaxal (60), Suares (60), Serdji Samper (78).

Mavzuga oid
Top