17:30 / 30.07.2017
50533

Xitoy o‘z qudratini «ko‘z-ko‘z» qildi

Xitoyda Xalq-ozodlik armiyasi tashkil etilganining 90 yilligiga bag‘ishlab harbiy parad tashkil etildi. Parad Ichki Mo‘g‘uliston muxtor hududidagi Chjujixe mashg‘ulot bazasida o‘tkazildi. Bu haqda Xinhua agentligi xabar tarqatdi.

Paradda XXR raisi, Markaziy harbiy kengash raisi Si Jingpin ham harbiy libos kiygan holatda ishtirok etdi. U saflar qarshisida chiqish qildi va «Xalq ozodlik armiyasi istalgan xavfni bartaraf etishga qodirligini, mamlakat milliy suvereniteti, xavfsizligi va manfaatlarini himoya qilishi» haqida gapirdi.

Paradda quruqlikdagi qo‘shinlarning jangovar guruhi, axboriy jangchilar guruhi, maxsus harbiy harakatlar guruhi, havo va havo hujumidan mudofaa guruhlari, harbiy-dengiz kuchlari guruhi, harbiy-havo kuchlari guruhi, kompleks ta'minot guruhi, terrorizmga qarshi kurash guruhi, strategik zarbdor guruhi ishtirok etdi. Saflar ustida vertolyotlar uchib, «1 avgust» (XXOA tashkil etilgan sana) va «90» raqami hosil qilindi.

paradda 12 ming harbiy xizmatchi ishtirok etdi, 129 harbiy samolyot va 571 ta quruqlikdagi qurilma namoyish etildi.

Tadbir davomida ko‘rsatilgan texnikaning 40 foizdan oshig‘i ilk bor taqdim etilgani ta'kidlanmoqda. Jumladan, birinchi marotaba Xitoyning yangi DF-31AG qit'alararo ballistik raketasi namoyish etildi.

 

Top