21:10 / 31.07.2017
4349

Berlinda o‘zbek-german biznes forumi o‘tkazildi

Berlin shahrida O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.

«Jaxon» AA xabariga ko‘ra, biznes-forum ishida yirik nemis kompaniyalarining yuzdan ortiq vakillari, banklar va xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etgan.

Ushbu biznes-forum tashabbuskorlari O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Nemis iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi va Deutsche Bank bo‘ldi.

Biznes-forum ishtirokchilari O‘zbekistonning bugungi kundagi iqtisodiy taraqqiyoti, sanoat korxonalarini modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar, biznes muhit, investitsion hamkorlikning maqsadli yo‘nalishlari, jumladan, erkin iqtisodiy hududlar haqida xabardor qilingan.

O‘zbekiston delegatsiyasi farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik korxonalari bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimotlarini o‘tkazgan. Alohida urg‘u O‘zbekistonning 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga qaratilgan.

Forum doirasida Germaniya ishbilarmon guruhlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Shuningdek, Investitsiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi raisi Azim Ahmadxo‘jayev hamda Siemens kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Iskander Bo‘ronov anglashuv memorandumini imzoladi.

Tomonlar energetika, sanoat, transport infrastrukturasi modernizatsiyasi, binolar avtomatizatsiyasi va xavfsizligi, sanoat tarmoqlarini raqamlashtirish singari sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

Hujjatda O‘zbekiston energetikasi rivojlanishining innovatsion texnologiyalar joriy etilishiga urg‘u berilgan ssenariysi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston korxonalarida raqamli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Innovatsion yechimlarning qo‘llanilishi temir yo‘l transporti sohasiga ham tegishlidir. Temir yo‘l infrastrukturasini avtomatlashtirish va elektrlashtirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid
Top