20:00 / 01.08.2017
7522

Sarvar Otamuratov bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish vazifasi haqida gapirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 31 iyul kungi yig‘ilishida «Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda atroflicha muhokama etildi. 

«Milliy tiklanish» partiyasi vakili, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamuratov ushbu qonun loyihasi bolalarimizning ma'naviy-ruhiy dunyosini har xil xurujlardan himoya qilishga yo‘naltirilganligi bilan muhim ahamiyatga egaligini aytib o‘tgan.

«Uni ishlab chiqishda nafaqat vazirlik yoki davlat idoralari, balki ko‘pgina nodavlat notijorat tashkilotlar faol ishtirok etganligini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman. Jumladan, bizni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi faollari, fraksiyamz a'zolari ham qonun loyihasi yuzasidan ko‘p va salmoqli takliflar bildirdilar. Ularning ko‘pchiligi inobatga olingan. Xususan, fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda ommaviy axborot vositalarining bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishdagi vakolatlarini belgilanishi bizning taklifimiz asosida loyihaga kiritilgan.

Kuni kecha, Namangan viloyatining Uychi tumanida partiyamizdan saylangan mahalliy Kengash deputatlari, partiyamiz faollari bilan ushbu qonun loyihasini keng va atroflicha muhokama qildik. U yerda juda ko‘p takliflar bildirildi. Barcha viloyatlarda qonun loyihasi muhokama etilib, takliflar umumlashtirilib, fraksiyamiz tomonidan ma'sul qo‘mitaga taqdim etildi.  

Qonun loyihasida juda ko‘p kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Ochig‘ini aytganda, u aksariyat talablarga ham javob bermaydi Misol uchun, qonunning nomi tushunarsiz («Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida» deb nomlash mumkin), moddalarining bir-biriga bog‘lanmaganligi yoki undagi normalar ochib berilmaganligini ham ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, qonun loyihasining 5-moddasida sohada davlat siyosatini asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatilgan, lekin ular (boshqa moddalarda) yetarli darajada ochib berilmagan.

Saylovoldi dasturimizda ushbu o‘ta muhim masalaga alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, unda yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini yaratish, bolalarni ularning jismoniy va ma'naviy-axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan axborotlardan muhofaza qilish, xalqimizga yot va yosh avlod ongi uchun zararli bo‘lgan «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta'siridan yoshlarni muhofaza qilish maqsadida ularni milliy tiklanish g‘oyasi, milliy madaniyat va qadriyatlarni e'zozlash ruhida tarbiyalash vazifalari belgilangan.

Shu nuqtai nazardan, qonun loyihasining kontseptual asoslarini ma'qullab, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda va maromiga yetkazishda fraksiyamiz a'zolari faollik ko‘rsatadi», degan Otamuratov.

Top