21:28 / 02.08.2017
28843

Zamonlararo sayohat: Gobuston - Ozarboyjondagi ochiq osmon ostidagi muzey (fotojamlanma)

Mashhur Gobuston tarixiy-badiiy yodgorligi Baku shahri (Ozarboyjon)dan 56 kilometr masofada joylashgan. "Kun.uz" muxbiri Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon madaniyat markazi hamda Xalqaro Yevroosiyo matbuot fondi (International Eurasia Press Fund) tashabbusi bilan ushbu dunyoga mashhur tarixiy maskanda bo‘lib, u haqidagi ma'lumotlar va suratlar bilan bo‘lishdi. 

Gobuston so‘zi "jarliklar o‘lkasi" degan ma'noni anglatadi ("gobu" - jarlik va "ston" - o‘lka). Gobuston maydoni uzunligi taxminan 20 kilometr, kengligi esa 5 kilometrni tashkil qiladi. Bu yerdagi eng katta tog‘ning balandligi - 400 metr. Shuningdek Gobustonda loyli vulqonlar ham joylashgan. Gobustonda subtropik iqlim hukmron. Qish - mo‘'tadil, yoz esa - quruq va issiq. 

Gobustondagi qoyatosh yozuvlari birinchi marta 1939 yilda taniqli ozarboyjon arxeologi Ishoq Ja'farzoda tomonidan aniqlangan. U 1939 yilda - Jing‘irtog‘ va Qiziltepa tog‘lari hududidagi, 1940 yilda esa Buyukdosh va Kichikdosh tog‘lari hududidagi qoyatosh yozuvlarini tadqiq qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida Gobustondagi tadqiqotlar to‘xtatib qo‘yilgan, 1947 yilda esa qayta tiklangan. 

Bugungi kunda Gobustonda 6000 dan ziyod qoyatosh yozuvlari va 1000 ga yaqin topilmalar mavjud. Gobustondagi qoyatosh yozuvlari mavzu jihatdan xilma xilligi bilan ajralib turadi. Odamlar, jonivorlar (yovvoyi buqa, echki, kiyik, ot va b.), qushlar va hokazo. Qoyatoshlarda shuningdek qayiqlar, baliq tutishga mo‘ljallangan to‘r, ikki g‘ildirakli arava, tuyalar karvoni, quyosh tasvirlarini ham ko‘rishingiz mumkin. 

"Gavaldash" nomini olgan qadimiy zarb asbobi esa alohida diqqatga sazovordir. Bu katta yassi plita ko‘rinishidagi tosh bo‘lib, unga mayda toshlar bilan zarb berish orqali ritmik tovushlar hosil qilinadi. Gobustonda ikkita gavaldash bor -  Jing‘irtog‘ning shimoliy etagida va Buyukdosh tog‘ida. Aytishlaricha, gavaldash yuqori paleolit davridan buyon odamlarga ma'lum. Shu hududlarda yashagan ovchilar va chorvachilar yovvoyi hayvonlar hujum qilgan paytda yoki umuman xavfli vaziyatlarda gavaldashdan foydalanishgan. 

Bundan tashqari, Gobustonda o‘rta asrlardagi Ozarboyjon tarixining turli davrlariga tegishli arab yozuvlariga hamda I asr oxirida bu yerda 12-shiddatkor legionning bo‘lganidan dalolat beruvchi rim yozuvlariga ko‘zingiz tushadi. Shuningdek bu yerda qadimgi odamlar yegulik tayyorlagan "o‘choqlar"ni ko‘rishingiz mumkin. 

1966 yilning 9 sentabrida Gobuston qoyatosh yozuvlari hamda qadimiy arxeologik topilmalari rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan, umumiy maydoni 4400 gektarni tashkil qiluvchi maydon esa Ozarboyjon Respublikasi Vazirlar Kengashi qarori bilan Davlat tarixiy-badiiy yodgorligi deya e'lon qilingan. 2007 yilda esa Gobuston YuNeSKO Jahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritildi. 

2011 yilda Gobuston hududida yopiq muzey bunyod etildi. Bu yerda sayyohlar Gobuston tabiatining o‘zgarish jarayonlari bilan tanishishlari mumkin. Gobustonga tashrif buyurgan sayyohlarni odatda avval shu muzeyga, undan keyingina ochiq osmon ostidagi muzeyga taklif qilinadi. 

Muzey bir necha zallardan iborat bo‘lib, ularning har biri muayyan bir mavzuga bag‘ishlangan. "Ibtidoiy odam" zalida qadimgi mehnat qurollari va uning funksiyalari haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘lasiz. Muzey stendlarida 3D formatdagi toshlar, shuningdek paleolit, mezolit, neolit davrlaridagi mehnat jihozlari namoyish etilgan. "Qadimiy san'at" zali ibtidoiy odamlarning go‘zallik haqidagi tushunchalari va badiiy tasavvurlariga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishadi. "Ko‘p asrli petrogliflar" zali esa qoyatosh yozuvlari va ornamentlari evolyutsiyasi haqida "so‘zlaydi". "Petrogliflarning ma'nolari" va "Gobustonning qadimiy musavvirlari" zallari qoyatoshlardagi tasvirlarning mazmunini yetkazib beradi. "Jonivorlar va ovchilar" hamda "Ozarboyjon qoyatoshlar san'atining madaniy landshafti" zallarida esa hayvonot olamining qadimgi vakillari qoldiqlari va ibtidoiy odamlar ovlagan jonivorlar haqida ma'lumotlar taqdim etiladi. 

Ta'kidlash joizki, Gobuston muzeyi poytaxtdan uzoqda joylashgan bo‘lishiga qaramay, bu yerda sayyohlar qulayligi uchun barcha sharoitlar yaratilgan - yo‘llar tekis va ravon, qoyatoshlar orasidan esa maxsus zinapoyalar yotqizilgan, shuningdek muzey turli zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlangan, istovchilar uchun Gobuston "qahramonlari" tasvirlari tushirilgan milliy hunarmandchilik buyumlari sotiladi. Muzeyda sayyohlar uchun qator tillarda so‘zlashuvchi gidlar xizmati taklif etiladi. 

Ochiq osmon ostidagi muzey bo‘ylab harakatlanar ekansiz, o‘zingizni xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilasiz. Bu yerda hech bir sayyoh zerikmasligi aniq, chunki har bir tarixiy topilma o‘sha davr ruhiga xos bo‘lgan muhitda namoyish etilgan, muzeyning devoridan tortib to poligacha sayyoh e'tiboridan chetda qolmaydi. Xullas, Ozarboyjonga borib, Gobustonni ko‘rmay qaytsangiz, ko‘p narsa yo‘qotasiz. 

Lola Rahmonboyeva

Mavzuga oid
Top