13:58 / 03.08.2017
6723

Buyuk Britaniyaga safar: Talabalar orasida eng yaxshi ekologik g‘oya mualliflari taqdirlandi

2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasida mamlakatdagi oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng yaxshi yoshlar tashabbusi” ko‘rik-tanlovining yakuniy natijalari hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, Oliy va O‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya elchixonasi hamda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tanlovga O‘zbekistondagi 22 ta o‘quv muassasasidan qariyb 450 nafar talaba tomonidan ishlangan 150 ta loyihaviy ish taqdim etildi. Deyarli barcha arizalar ingliz tilida yozilib, ular quyidagi oliy o‘quv yurti talabalaridan qabul qilindi: Buxoro davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Samarqand chet tillari instituti, Farg‘ona politexnika universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti hamda Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkentdagi Inxa universiteti va boshqa o‘quv muassasalari.

Talabalar o‘z loyihalarida bir qancha dolzarb masalalar yechimiga takliflar taqdim etishgan. Xususan, organik, plastik, qog‘oz va shisha chiqindilarni alohida to‘plash orqali chiqindilarni boshqarish, maxalliy barqaror iqlimga moslashgan o‘simliklarni ekish orqali universitet hududini ko‘kalamzorlashtirish va h.k. Loyihalarning asosiy qismi barqaror rivojlanish doirasida seminar, trening va konferensiyalar o‘tkazish orqali talabalarda ekologiya muammolariga qiziqish uyg‘otish hamda xabardorligini oshirishga, suv resurslarini boshqarish va ulardan ikkilamchi foydalanish masalalariga qaratilgan. 

Shu bilan bir qatorda, ishtirokchilar energiya tejamkorligi masalasini sinchiklab o‘rganishdi va bir-biridan qiziq g‘oyalarni o‘rtaga tashlashdi (energiya ist'yemoli uchun sensor nazoratni joriy qilish), jumladan, universitetlarda “yashil” arxitektura va dizayn yaratish, atmosfera xavosini tozalash, o‘quv jarayoniga elektron yechimni, qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ijtimoiy tadbirlarni tashkil qilish, energiya alternativ manbalaridan foydalanish va samaradorligini oshirish.

Tanlovga taqdim etilgan barcha loyihalar hay'at a'zolari – ekologiya va barqaror rivojlanish sohasidagi yetakchi mutaxassislar, mustaqil ekspertlar hamda britaniyalik hamkorlar tomonidan sinchiklab o‘rganildi. Xay'at a'zolari xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti va Buxoro davlat universiteti talabalari “Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng yaxshi yoshlar tashabbusi” ko‘rik-tanlovi g‘olibiga aylanishdi. Tanlov g‘olibi bo‘lgan guruh sardori – O‘zbekiston Milliy universitetidan Azizbek Ramazonov va Buxoro davlat universitetidan Baxshillo Abdurahmonov joriy yilda Buyuk Britaniyaga safar qilish va u yerdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha fikrlar almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, g‘olib tanlov loyihasini amaliyotga tatbiq etish uchun 7 mln. so‘m mukofotga ega bo‘ladi. Eng yaxshi loyihalarning 20 nafar muallifi rag‘batlantiruvchi sovg‘alar va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

 

Mavzuga oid
Top