11:45 / 03.08.2017
27495

Medvedev: AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga bo‘lgan umidlar butkul so‘ndi

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning fikricha, AQSh sanksiyalar haqidagi yangi qonuni orqali Rossiyaga to‘laqonli savdo urushi ochdi. U Rossiya hukumati endi Vashington bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid qilmasligini bildirgan.

«Birinchidan, amerikaliklarning yangi ma'muriyati bilan munosabatlar yaxshilanishiga bo‘lgan umidlarimiz so‘ndi. Ikkinchidan, Rossiyaga savdo urushi ochildi» , - deya yozgan Medvedev Feysbukdagi sahifasi orqali.

Bosh vazirning fikricha, AQSh prezidenti Donald Trampning ma'muriyati «eng sharmandali ko‘rinishda» o‘z vakolatini kongressga topshirdi.

«Amerikaliklar muassasalari Trampni yengdi. Prezident yangi sanksiyalardan xursand emas, ammo u qonunni imzolamaslikdan boshqa iloji qolmadi. Yangi sanksiyalar mavzusi Trampga o‘z joyini ko‘rsatib qo‘yishlaridan darakdir. Oldinda hali yangi yurishlar bor, asosiy maqsad esa - uni hokimiyatdan chetlatish. Tizimga mos bo‘lmagan o‘yinchi yo‘q qilinadi», - degan u.

Tramp Rossiyaga qarshi yanada jiddiy sanksiyalar haqidagi qonunni imzoladi

2 avgust kuni Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar yuzasidan yangi qonunni imzoladi. Shu bilan birga u bu qonun imzolanishida konstitutsiyaga zid holatlar bo‘lganini qayd etdi.

«Eron, Shimoliy Koreya hamda Rossiyaning tajovuzkor va beqarorlashtiruvchi harakatlarini jazolovchi va tutib turuvchi qat'iy choralarni qo‘llab-quvvatlasam ham, bu qonun juda nuqsonlidir. Qonun loyihasini tezroq qabul qilishga intilarkan, Kongress unga bir qator konstitutsiyaga zid holatlarni kiritdi», degan u.

Amerikaliklar kongressining ikki palatasi ham o‘tgan oydayoq ushbu qonun loyihasini ma'qullagandi.

Qonundagi asosiy jihatlardan biri - prezidentni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni mustaqil ravishda bekor qilish vakolatidan mahrum qilishdir.

Endilikda qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilish uchun prezident o‘z asoslari bayon qilingan so‘rovni ikki palata qo‘mitalariga kiritishi kerak bo‘ladi, kongressmenlar 30 kun ichida javobini bildiradi.

Peskov: AQSh sanksiyalariga Rossiya tomonidan yangi choralar ko‘rilmaydi

Sanktsiya mohiyati

Ushbu qonun Qrim Rossiyaga qo‘shib olinishi va Donbassdagi voqealar ortidan 2014 yilda qo‘llangan sanksiyalarni to‘ldiradi va umumlashtiradi.

Ko‘plab ekspertlarning fikricha, yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun AQSh yoki G‘arbdagi boshqa moliya tashkilotlari yoki kompaniyalar Rossiyadan uzoqlashishiga olib keladi.

Hujjatda prezidentdan sanksiyalarni bekor qilish vakolatini olishdan tashqari, sohaviy sanksiyalar ko‘zda tutilgan. Xususan, u Amerika sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiya banklarini moliyalashtirishning eng yuqori muddatini imkon qadar qisqartirib, 14 kunga tushiradi. Neftegaz sohasini moliyalashni 60 kungacha qisqartiradi. Qolaversa, bu sanksiyalar texnologik cheklovlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Qonunda Putin nomi bir necha marta eslangan.

Ikkinchi sovuq urush nafasi: Putin javob yurishini amalga oshirdi

Top