18:00 / 03.08.2017
7826

Toshkent viloyatida yirik miqdorda mol-mulkni o‘g‘irlaganlar ushlandi

Foto: "Kun"

Toshkent viloyati IIBda bo‘lib o‘tgan brifingda viloyat tumanlarida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatlari haqida ma'lum qilindi. 

Xususan, 23 iyul kuni Qibray tumani IIBga shu tumanda yashovchi K.G. ariza bilan murojaat qilib, 22 iyul kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs unga tegishli molxonadan umumiy narxi taxminan 13 mln so‘m bo‘lgan 2 bosh qora molini o‘g‘irlaganligini ma'lum qilgan. Tergov jarayonida ma'lum bo‘lishicha, o‘g‘ri hech kim yo‘qligidan foydalanib sim setkani kesish yo‘li bilan molxonaga kirgan. 

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Qibray tumanida yashovchi Sh.T., J.N. va X.A.lar uyushgan holda sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. Mazkur o‘g‘rilik yuzasidan IIB tergov olib bormoqda.

Zangiota tumanida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Ammo bu safar qoramol emas, balki zargarlik buyumlari gumdon qilingan. Tumanda istiqomat qiluvchi X.B. IIBga ariza bilan murojaat qilib, joriy yil 16 iyun kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, erkin yo‘l bilan kirib, uyidan umumiy narxi taxminan 10 mln so‘m bo‘lgan 1 dona ayollar tilla uzugi va 1 juft ayollar tilla ziraklarini o‘g‘irlaganligini ma'lum qilgan. 

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni X.B.ning uyida vaqtincha yashab yurgan, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turgan uy bekasi D.U. sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. 

28 iyulda Qibray tumanida ham zargarlik buyumlarini o‘g‘irlash jinoyati ro‘yxatga olingan. Brifingda ma'lum qilinishicha, shu kuni qibraylik K.O‘. ariza bilan murojaat qilib, joriy yil 19 iyul kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, erkin yo‘l bilan kirib, uy yotoqxonasidagi to‘shak yonidan 1 mln 330 ming so‘m pul, 1 ming AQSh dollari, mehmonxona shkafidan 10 ming so‘m, 1 dona ayollar tilla zanjiri, 1 dona ayollar tilla uzugi va 3 juft ayollar tilla ziraklarini o‘g‘irlab, unga jami 13 mln so‘m zarar yetkazganligini ma'lum qilgan. 

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni uning tanishlari, Qibray tumanida yashovchi D.R. va O.T.lar sodir etganligi aniqlanib, o‘g‘rilar ushlangan. Tergov ishlari olib borilmoqda. 

Top