22:53 / 03.08.2017
5263

O‘zbekistonlik jurnalistlar Ozarboyjon Milliy matbuoti faoliyati bilan tanishishdi

Ozarboyjonda har yilning 22 iyulida Milliy matbuot kuni nishonlanadi. "Kun.uz" muxbiri Toshkentdagi Ozarboyjon madaniyat markazi tashabbusi hamda Bakudagi Xalqaro Yevroosiyo matbuot fondi (International Eurasia Press Fund, IEPF) taklifiga binoan bu yilgi jurnalistlar bayramida ishtirok etdi, shu bilan birga Milliy matbuot kengashi idorasida bo‘lib, uning rahbari Aflotun Amashev bilan uchrashdi, bundan tashqari Eurasiadiary sayti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

IEPF direktori Umud Mirzayevning ma'lum qilishicha, Ozarboyjon Milliy matbuot kunining aynan shu kuni nishonlanishiga 1875 yilning 22 iyulida ona tilidagi ilk gazetaning nashrdan chiqishi sabab bo‘lgan. Mamlakat Milliy matbuotining asoschisi Hasanbek Zardobiy (1837-1907) hisoblanadi. Bu inson Bakuda ozarboyjon tilida ilk "Ekinchi" gazetasining chop etilishiga muvaffaq bo‘lgan. 

22 iyul kuni Baku shahrining "Altun Saray" restoranida jurnalistika sohasida jonbozlik ko‘rsatgan qator mutaxassislarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik jurnalistlar ham mehmon sifatida ishtirok etishdi. Tadbirda Ozarboyjonda prezident Ilhom Aliyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan an'ana - jurnalistlarning yangi uylar bilan ta'minlanishi alohida e'tirof etildi. Shuningdek yil davomida faol ijod qilgan jurnalistlar xizmati munosib baholanib, ularga qimmatbaho esdalik sovg‘alari berildi. 

1998 yilning avgustida mamlakat prezidenti Haydar Aliyev "Ozarboyjon Respublikasida so‘z, fikr va axborot erkinligini ta'minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi va bu respublikada senzuraning bartaraf qilinishiga sabab bo‘ldi. 

Milliy matbuot kengashi raisi, Ozarboyjon Respublikasi  Milliy majlis deputati Aflotun Amashevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Ozarboyjonda 25 mingga yaqin jurnalist faoliyat yuritadi. Amashev rahbarligi ostidagi Milliy matbuot kengashiga har yili fuqarolardan taxminan 700 shikoyat kelib tushadi, ular asosida maxsus komissiyalar tuzilib, vaziyat o‘rganiladi va muhokamaga qo‘yiladi. 

Ta'kidlash joizki, Milliy matbuot kengashi 2000 yilda tashkil etilgan. Uning vazifasi - hukumat va jamiyat, shuningdek matbuot va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish. 

Aflotun Amashevning ta'kidlashicha, uch yil avval davlat va nodavlat nashrlarida faoliyat yurituvchi 156 nafar ozarboyjonlik jurnalistga bepul, tayyor jihozlangan uylar berilgan. Joriy yilning 20 iyulida esa yana 255 nafar jurnalist 3 va 4 xonali, oshxona mebeligacha jihozlangan uylar bilan taqdirlangan. Ma'lum qilinishicha, dastlab 274 nafar jurnalistni taqdirlash mo‘ljallangan, lekin oxir-oqibat ularning orasida oilaviy juftliklar borligi inobatga olinib, 255 nafariga yangi uy kalitlari topshirilgan. Milliy matbuot raisining ma'lum qilishicha, jurnalistlar ixtiyoriga topshirilgan uylar hududida jurnalistlar mavzesi tashkil qilinib, qalam sohiblarining farzandlari uchun maxsus bolalar bog‘chalari va maktablar xizmat ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda, jurnalistlar qulayligi uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilgan. 

Ozarboyjonda kundalik chop etiluvchi gazetalar soni - 40ga yaqin. Ma'lum qilinishicha, gazetalar Haydar Aliyev fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Ular asosan ozarboyjon tilida chop etiladi.

Milliy matbuot raisining so‘zlariga ko‘ra, hozirda ozarboyjonlik jurnalistlarning maoshi - o‘rtacha 500-2000 dollar atrofida. 

Bugungi kunda aholining 80 foizi internetga kirish imkoniyatiga egadir. Bu esa gazeta o‘quvchi kishilar sonining kamayishi, internetga murojaat qilayotganlarning esa ko‘payishiga olib kelmoqda. 

Ozarboyjon Milliy matbuot kotibining "Kun.uz"ga ma'lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatning eng yetakchi saytlari Trend.az, Day.az, Vesti.az, Eurasiadiary.az kabilardir. IEPF direktori Umud Mirzayev o‘zbekistonlik jurnalistlarni Eurasiadiary axborot portali faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Mazkur portal idorasi Baku shahri markazida joylashgan bo‘lib, u olti til - ozarboyjon, ingliz, rus, arab, fors va turk tillarida faoliyat yuritadi. 


Lola Rahmonboyeva

Mavzuga oid
Top