19:09 / 04.08.2017
12350

Yaqin kunlarda yuristlar assotsiatsiyasi yana o‘z faoliyatini boshlaydi

Jamiyatda huquqiy islohotlarni amalga oshirish, fuqarolarning erkinligini himoya qilish haqida yillar davomida gapirib kelinmoqda. Bu borada katta natijalarga erishilganini e'tirof etish lozim.

Lekin sohada ketma-ket farmon va qarorlarning qabul qilinayotgani hali jarayon davom etayotganini anglatadi. “O‘zbekiston” telekanalidagi “Muloqot vaqti” ko‘rsatuvida mana shu jarayonlar kerakli natijalarga olib kelishi uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritildi.

Ko‘rsatuvda, “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning asosiy, muhim jihatiga to‘xtalib, unda yuridik xizmat xodimlarining ijtimoiy himoyasi, moddiy manfaatdorligi oshirilib, ularning qonuniylikni ta'minlash borasidagi vazifalari doirasi kengaytirilgani xususida so‘z yuritildi.

Adliya vazirligi tomonidan ushbu sohaga yosh kadrlar, yuristlarni jalb qilish maqsadida Yuridik universitetda bir necha bor o‘quv-seminarlari tashkil qilinib, ularda bitiruvchi talabalarga yuridik xizmat haqidagi qonunchilik yangiliklari tanishtirilgan, ularga yaratilgan imkoniyatlar haqida keng qamrovli tushunchalar berilgan. Buning natijasida universitet bitiruvchi talabalari orasidan 50 nafarga yaqin bitiruvchi hozirda aynan davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatida ishlash niyatlarini bildirishdi”, — deydi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Sharopov.

Bundan tashqari, ko‘rsatuv jarayonida ma'lum qilinishicha, yaqin kunlarda yuristlar assotsiatsiyasi yana o‘z faoliyatini boshlaydi. Hozirda bu borada zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Assotsiatsiyaning yangi nizomi ishlab chiqilmoqda, uni qayta tasdiqlash uchun assotsiatsiya yuqori organi — se'zdini chaqirish borasida tayyorgalik ko‘rilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, tashkilot ustavini tan oluvchi, uning talablarini bajaradigan, kirish badalini to‘lagan va a'zolik badallarini muntazam to‘lab boradigan, qoida tariqasida yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Tashkilot a'zosi bo‘lishi mumkin.

Xuddi shunday loyihada chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng shartlarda va tartibda Tashkilotning a'zosi bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Top