17:00 / 04.08.2017
15660

Davlat savdogarlarni emas, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashi kerak - ekspert

Shu yilning iyul oyi oxirlarida ikkita bayonot bilan chiqish qilindi va ularning har ikkisi muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Shuhrat Ismoilov hukumatning iqtisodiy blokida ayni damda erkin konvertatsiya joriy etish va valyuta kurslarini birlashtirish masalasi jiddiy muhokama qilinayotganini aytib o‘tdi. Bu ishlarning barchasi «biz (ya'ni, hukumatning iqtisodiy bloki — B.E.) barcha jabhalarni valyutaning erkin kursi o‘rnatilishiga tayyorlashishimiz kerak»ligiga yo‘naltirilganligi aytildi.

O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayevning qayd etishicha, «Milliy valyutani qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy kreditlar, XVJ kreditlarini jalb etish nazarda tutilmayapti. Liberallashtirishni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun bizning valyuta zaxiralarimiz yetarli».

Bu yerdagi kalit so‘z — bosqichma-bosqich. O‘ylab, mushohada qilib. XVJdagi liberal-monetaristlarning retseptlariga ko‘ra, boshqa davlatlarda o‘tkazilgan islohotlar uchun xos bo‘lgan, shokka tushiruvchi tajribalarsiz.

Valyutani erkinlashtirish masalasi, bu mavzuda mamlakatimizda yuz berayotgan munozaralarda ko‘pincha bir jihat e'tibordan qochirilmoqda.

Erkinlashtirish kim uchun? Kim yutadiyu, kim yutqazadi? Qaysi qatlamlar va guruhlar?

Shaxsan men uchun 1991 yildan keyin o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlarning asosiy natijalari — ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 22 foiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari. Bu islohotlarning eng muhim va asosiy natijasidir.

Ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, o‘n minglab insonlardan iborat butun bir qatlam shakllantirildi. Aynan o‘shalar mamlakat iqtisodiyotining asosi va qoyasi hisoblanadi. Ana shunday korxonalar foizining o‘sishi esa islohotlarning muvaffaqiyatliligi yoki muvaffaqiyatsizligini baholash mumkin bo‘lgan bosh mezon sanaladi.

Ishchi o‘rinlar yaratadigan ana shundaylarning manfaatlarini himoya qilish — hukumat iqtisodiy siyosatining bosh vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Chunki aynan shu sohada yaratiladigan ish o‘rinlari savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan farqli o‘laroq, barqaror bo‘ladi.

Men iqtisodiyotning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalari rivojlanmasligi kerak, degan fikrdan yiroqman. Xizmat ko‘rsatish sohasi ayni paytda ko‘plab davlatlarning iqtisodiyotida yetakchi o‘rin tutadi. Bizning iqtisodiyotimizda ham bu soha YaIMning deyarli yarmisini ishlab chiqaradi.

Lekin barcha gap «iqtisodiyot lokomotivi kim», degan savolda.

Bugungi kunda sanoat-innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish maqsadida tezkor sanoatlashtirish siyosatini amalga oshirayotgan O‘zbekistonda iqtisodiyotning aynan ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan, sanoat sohasini qo‘llab-quvvatlash o‘ta muhim vazifa sanaladi.

«Siyosat — mumkinlik san'ati» degani ibora bor. Ya'ni, hamma jabhada kuchli bo‘lishning mutlaqo imkoni yo‘q. Hech qachon, hattoki eng boy davlatda ham hammani qo‘llab-quvvatlash, hammaga yordam berish uchun moliyaviy imkoniyat yo‘q. Shu sababli davlat ustuvor yo‘nalishlarni tanlab oladi va asosiy kuchlarni ustuvor maqsadlarga yetishishga sarflaydi.

Sanoati rivojlangan mamlakatning ustuvor yo‘nalishi bitta bo‘ladi — sanoat ishlab chiqaruvchilarini, sanoat ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanayotgan ishbilarmonlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash.

Erkin konvertatsiya va kurslarni birlashtirish masalasiga bu nuqtai nazardan boqish valyuta siyosatini zudlik bilan, shokka tushirib liberallashtirishning oddiy narsalarni tushunmaydigan tarafdorlariga nisbatan ayrim savollarni vujudga keltiradi.

Sanoat ishlab chiqarish korxonalari yaratish uchun valyuta kreditlari olgan ishbilarmonlar bilan nima bo‘ladi? Ular rasmiy kursda (aytaylik, 1 AQSh dollarini 3 ming so‘mdan) kredit olishgan, endi kreditning asosiy qismi va foizlarini erkin kursda, aytaylik, 9 ming so‘mdan qaytarishlari kerak. Axir ular kasodga uchrashadi-ku?! U yerda ishlayotgan ishchilar bilan nima bo‘ladi? Liberal-monetaristlar va ularning xalqaro moliya tashkilotlaridagi maslahatgo‘ylari buni o‘ylashadimi? Yo‘q. Chunki ularga milliy ishlab chiqaruvchilar, insonlarga nima bo‘lishining farqi yo‘q. Ularga faqat «erkin bozor» qonun-qoidalari amal qilsa bas. Butun bir mamlakat va insonlar taqdiri — shunchaki «islohotlar chiqiti», xolos.

To‘lov balansining joriy operatsiyalari bo‘yicha manfiy saldo yuzaga kelmasligi uchun erkin konvertatsiyaga o‘tishni qanday ta'minlash mumkin? Ayniqsa O‘zbekistonning tashqi savdodagi uch asosiy hamkori (RF, XXR, Qozog‘iston) iqtisodiyotida stagnatsiya ro‘y bergan sharoitda, bu mamlakatlarga eksportni oshirish imkoniyati o‘z chegarasiga ega bo‘lgan holatda?

Nihoyat oxirgisi. Liberallar valyuta liberalizatsiyasi, uning «plyus»lari haqida gap ochganida, ular soxtakorlik/yolg‘onni aralashtirishga urinishadi.

O‘zbekiston 2000-yillarning birinchi yarmida valyuta konvertatsiyasini joriy etib ko‘rgan edi. Nima bo‘lgandi? Mutaxassislar valyuta boyliklarni ulkan miqdorda yuvish sodir bo‘lganini bilishadi. Paxta, gaz, rangli metallar, oltin va uran eksportidan misqollab ishlangan valyuta savdogarlar tomonidan to‘liq yuvib yuborilgan. Ularning biznesi juda oddiy: valyuta xarid qilib, Olmaota, Bishkek yo Urumchiga borib, xalq iste'moli mollari xarid qilishadi, ularni yurtimizga keltirib uch barobar qimmatiga pullaydi, savdodan tushgan so‘mlarni yana dollarga ayirboshlab yana «mol xarid qilish»ga ketishadi. Natijada nima bo‘lgan edi? Bozorlarimiz Xitoyda ishlab chiqarilgan keng iste'mol mollari (poyabzal, kiyim, idish va h.k.) ga to‘lib-toshgan, bozorlarda barcha narsa: go‘sht mahsulotlari (kolbasa, sosiska va h.k.), yog‘-moy, makaron, pishloq qayerdan keltirilsa ham (Rossiya, O‘zbekiston, Ukraina va h.k.), O‘zbekistonniki bo‘lmagan davrlarni hamma eslasa kerak.

O‘zbekiston va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilardan farqli o‘laroq, bu davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar maza qilishgan.

Shu sababli 2006–2007 yillarda bu siyosatdan qochishga kirishildi va cheklangan konvertatsiya joriy etildi va faqatgina asbob-uskunalar hamda texnologiyalar uchun konvertatsiya ajratila boshlandi.

Bu ham o‘z natijalarini bera boshladi. Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo va boshqa mahsulotlarining katta qismi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Albatta, alohida mahsulotlarning sifati muammolariga to‘xtalish mumkin, biroq baribir ishlab chiqarish mavjud va u so‘nggi 10–12 yilda yo‘lga qo‘yildi.

Bu jarayon endi endi palak yozmoqda. Agar hozir yana savdogarlar erkin konvertatsiya imkoniga ega bo‘lsa nima bo‘ladi? Mahsulotlarning katta qismi yana noqonuniy olib kirila boshlanadi, ular yana bozorlarimizni ishlab chiqaruvchilarimizning faoliyatiga nuqta qo‘yuvchi arzon iste'mol mollari bilan to‘ldirib tashlashadi. Bundan kim yutadi? Xitoylik va turkiyalik ishlab chiqaruvchilar va bizning savdogarlarimiz, albatta.

O‘z iqtisodiyoti hajmi bo‘yicha O‘zbekiston jahonda ilg‘or saflarda turmaydi. Hozircha bizning ishlab chiqaruvchilarimiz xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan teppa-teng raqobatga kirisha olishmaydi, chunki bizning bozorlarimiz va unga kelib tushadigan talab hajmi turlicha, o‘z-o‘zidan alohida bir ishlab chiqaruvchining ham, butun bir sohaning ham ishlab chiqarish hajmi keskin farqlanadi.

Bunday sharoitlarda davlat mas'ul bo‘ladi va o‘z ishlab chiqaruvchilarini himoyalashi kerak. Protektsionistik usulda bo‘ladimi, bojxona ta'rif rejimlari yoki notarif usullar bilan bo‘ladimi — farqi yo‘q. Shu sababli O‘zbekiston hukumatining manfaati xitoylik yoki turkiyalik ishlab chiqaruvchilar emas, o‘zimizning o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.

Liberal maddohlar valyuta liberalizatsiyasi haqida gap ochishganda, bu — islohotlarning yakkayu yagona sharti, degan fikrni ilgari surishadi.

Lekin bu «kabinet» iqtisodchilari emas, real ishbilarmonlarni tinglasangiz, ularning suv, gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlanish, markaziy kanalizatsiyaga ulanishga erishishi yanada muhimroq ekanligiga guvoh bo‘lasiz.

Bizning ishlab chiqaruvchi ishbilarmonlarimiz soliq islohoti va Qo‘shilgan qiymat solig‘i — QQS miqdorini kamaytirish (hozirgi 20 foizdan hechqursa 17 foizga) haqida gap ochishadi.

Ularga mahalliylashtirish dasturiga kirgan kirmaganidan qat'i nazar, xomashyo va butlovchi qismlar uchun bojxona to‘lovlari miqdorini kamaytirish yoki ularni to‘liq bekor qilinishi muhimroq. Ular bu jarayonlarda barcha ishlab chiqaruvchilar uchun teng sharoitlar yaratilishini istashadi.

Tobora o‘sib rivojlanishga tayyor ishbilarmonlar uchun korxonalar o‘lchamini oshirish masalasi yechilishi, ularning formati kichik korxonalardan o‘rta korxonalarga aylantirish yanada muhimroq sanaladi. Mamlakatda «o‘rta korxonalar» (o‘rta biznes) formati joriy etilishi uchun qonunchilik yo‘lida qadamlar bosilishi kerak. O‘rta korxonalar 700–800 nafar ishchi-xodimlarni qamrab olishi, ular ham bugungi kunda kichik korxonalarga taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanishini istashadi.

Yana bir qator real savollar va muammolar turibdi. Ular uchun konvertatsiya masalasi liberal-monetaristlar o‘ylayotganidek, aslo birinchi galda emas.

Shu sababli valyutaning erkin konvertatsiyasiga sakrashlarsiz, ishbilarmonlarni shokka mubtalo qilmasdan, bosqichma-bosqich o‘tilishi borasida iqtisodiy blokka tegishli muhim ikki vazirlikning vazir o‘rinbosarlari og‘zidan yangragan bayonotlar ishlab chiqaruvchilarni umidlantirmoqda.

Baxtiyor Ergashev,

moliyaviy ekspert

Top