22:49 / 04.08.2017
8003

Yoshlar o‘rtasida “Best Soft Challenge” –eng yaxshi dasturiy ta'minot vositalari tanlovi e'lon qilindi

Joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yurtimiz yoshlari o‘rtasida “Best Soft Challenge-2017” – eng yaxshi dasturiy ta'minot vositalari tanloviga start berdi. 

Tanlov maqsadi dasturiy ta'minot sohasida yosh dasturchilarni rag‘batlantirish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqarish va sanoatga joriy qilish, dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishdan iborat. 

2013 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan tanlovda oliy ta'lim muassasalarining talabalari, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari, 25 yoshgacha bo‘lgan xohlaga yurtdoshlarimizning ishtirokida o‘tkaziladi. Tanlov o‘quvchi-talabalarning bo‘sh vaqtlarini maqsadli sarflanishiga xizmat qiladi. 

Joriy yilda 3 ta yo‘nalishda 3 tadan eng yaxshi IT-takliflar aniqlanadi: 
1. «Aqlli shahar» 

2. Kompyuter va mobil o‘yinlar 
3. Savdo va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng yaxshi loyihalar. 

Shuningdek, tanlovga “AKT yo‘nalishida eng ilg‘or g‘oya” maxsus nominatsiyasi ham joriy qilingan. 

Mazkur nominatsiyalar bugungi dasturiy ta'minot vositalari bozoridagi eng so‘nggi tendensiyalar asosida saralab olingan. Misol uchun, bugun mamlakatimizda shaharlar va bino va tuzilmalarda xavfsizlikni ta'minlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Hukumatimiz tomonidan «aqlli shahar» tizimini yaratish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘rinda umumiy xavfsizlik, monitoring va nazorat, ma'lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va saqlash, favqulodda holatlarda tezkor xabar berish tizimlarini yaratish, virtual turizm, shuningdek «aqlli do‘kon», interaktiv tamaddixona, “aqlli ofis” kabi zamonaviy dastur va ishlanmalarni yaratish muhim hisoblanadi. Bularni esa o‘zimizning kadrlar, mutaxassislar yaratgani maqsadga muvofiq.

Tanlov g‘oliblari rasmiy homiylar – HUAWEI, “O‘zbektelekom” kompaniyalari, «UZINFOCOM» kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish markazining mukofotlari bilan taqdirlanishadi. 

Tanlov 2017 yilning 4 avgustidan 10 noyabriga qadar 3 bosqichda tashkil qilinadi. 

1 bosqich: 4 avgustdan 16 oktabrgacha – ishtirokchilar ro‘yxatga olinadi;
2 bosqich: 18 27 oktabr – dastlabki saralash bosqichi (final g‘oliblarini aniqlash).
3 bosqich:1 10 noyabr – yakuniy saralash tanlovlari (g‘oliblarni aniqlash).

Tanlovda 3 kishidan iborat guruhlar qatnashishlari mumkin. 

Individual va guruhli ishtirokchilar faqat bir nominatsiyada ishtirok eta oladilar (qayta ishtirok etish mumkin emas). 

Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish va ishlanmalarni taqdim etish www.software.uz saytida onlayn rejimida amalga oshiriladi. 3 bosqichda ishtirok etish istagida bo‘lgan ishtirokchilar hay'at a'zolariga o‘z loyihalarini taqdim qiladilar. 
Ishlanma va loyihalarni baholashda ularning dolzarbligi, g‘oyaning originalligi, texnologik ishlanmaning afzalliklari, interfeys va foydalanish qulayligi, dasturiy ta'minotdan erkin foydalanish, uning ochiq kodli tizimda yaratilganligiga e'tibor qaratiladi.

Dolzarb loyihalar amalga tatbiq etish uchun tavsiya qilinadi. Ishlanmalar uchun barcha mualliflik huquqlari ishlanma egalariga tegishli hisoblanadi. 

Axborot texnologiyalari bozorining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va joriy etish bozori milliy iqtisodiyot samaradorligini ko‘tarishda katta imkoniyatlarga ega. Jahon amaliyotida dasturiy ta'minot hisobiga mamlakatning faol iqtisodiy rivojlanishiga oid misollar ko‘p, xususan, keyingi vaqtlarda softver sohasi milliy iqtisodiyotning yangi innovatsion tarkibiy qismiga aylanmoqda.

Aynan shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yilning 30 iyunida «Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. 

Farmon asosida tashkil qilinayotgan “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi dasturiy ta'minot hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga tashkiliy, huquqiy va iqtisodiy imtiyozlar beradi.

Innovatsiya markazi oldida turgan muhim vazifalar qatorida: 

- iqtidorli yoshlar tomonidan tomonidan ilgari surilayotgan “start-ap” loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish;
- oliy ta'lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining «axborot texnologiyalari» mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarining ishga joylashtirilishini ta'minlash;
- qisqa muddatli va o‘rta muddatli ixtisoslashgan, jumladan chet el mutaxassislari ishtirokidagi kurslarni tashkil etish orqali AKT sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil qilishni sanab o‘tish mumkin.

Top